Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangi yil arafasida Jizzax viloyatining G‘allaorol, Mirzacho‘l, Do‘stlik va Arnasoy tumanlarida FVB tomonidan AYOQSH va AGTKSHlarning texnika va yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi.
Tadbirlar doirasida yong‘in xavfsizligiga oid talablarning bajarilishi, shoxobchalarning yong‘in texnikasi va vositalari bilan ta’minlanganligi, ishchi- xodimlarning bilim va ko‘nikmalari tahlil qilinib, yong‘in xavfining oldini olish uchun ob’ektlarning joylashuvi, texnologik jarayonlar va xavfsizlik choralari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mas’ullar tomonidan ob’ektlarning xavfsizligini ta’minlash va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
***
Yangiobod tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda malakali shifokorlar tomonidan 200 nafardan ortiq aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘ligida muammosi bor fuqarolarning maxsus davolash muassasalarida davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi.
Tibbiy ko‘rikka kelgan aholi xirurg, kardiolog, infeksionist, urolog, akusher-ginekolog, lor, terapevt, endokrinolog kabi 10 dan ortiq mutaxassislardan maslahatlar ham oldi.
Tibbiy ko‘rik bilan birga, ularga hozirgi vaqtda keng tarqalgan diabet va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, profilaktika qilish va davolash usullari, sog‘lom turmush tarzi va faol jismoniy harakatning inson salomatligiga hissasi to‘g‘risida ham tushunchalar berildi.
***
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda mahalla institutining nufuzini yanada oshirishda muhim poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Mirzacho‘l tuman hokimligida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etishda uchrayotgan muammolar va kamchiliklar, kirib kelayotgan 2025 yildagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda “Mahalla yettiligi” faoliyatiga mas’ul bo‘lim boshliqlari hamda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etib, mutasaddilar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
***
Zarbdor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sh.Roziyev boshchiligida bo‘lim mas’ullari hamda tumandagi 32 ta umumta’lim maktabi direktorlari ishtirokida 2024 yilda ta’lim tizimida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda ma’naviy-ma’rifiy ishlar, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari, fan olimpiada natijalari, “e-maktab” platformasining maktablar bo‘yicha holati, maktab o‘quvchilari o‘rtasida noxush holatlarning oldini olish, murojaatlar tahlili, pedagog xodimlar attetatsiyasi, darsliklar holati, maktablarda qish mavsumiga tayyorgarlik va boshqa masalalar atroflicha tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida yangi 2025 yil tumanda ta’lim sohasini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, yosh avlodga ta’lim- tarbiya berishda munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida muhim vazifalar belgilab olindi.
***
Forish tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi hamda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamkorligida tumandagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida tumanning Osmonsoy mahallasida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda tumandagi 11 ta korxona, tashkilot, muassasa, kichik biznes sub’ektlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan 34 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
“Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasida bir qancha fuqarolar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashishgan bo‘lsa, qolgan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.
[gallery-21064]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri