Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev Turkiyaning “Nyewcadye Projyect Managyemyent” korxonasi bosh direktori Mehmet Ali Gediz bilan uchrashib, tuman hududida hamkorlikda yangi loyihani yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Xorijlik ishbilarmon bilan o‘tgan muzokaralar davomida Yangiobod tumani hududida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachiliik, yashil energiya, sanoat loyihalarini amalga oshirish va yana bir qator loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, memorandum imzolandi.
***
Baxmal tumani hokimligi faollar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda hokimlik mutasaddilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, diniy idoralar, mahalla yettiligi, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-20469]
Mazkur tadbirda so‘zga chiqqanlar ayni paytga kelib mamlakatimiz hududida jami 2357 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya bo‘lib, ularning 2159 tasi musulmon tashkiloti, 197 tasi noislomiy diniy tashkilot sifatida rasmiy faoliyat ko‘rsatayotganligini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarni ma’naviy jihatdan sog‘lomlashtirish, ijtimoiy hayotga moslashtirish maqsadida jamoatchilik vakillari, imom-xatiblar va otinoyilar murabbiy sifatida biriktirilib, “Farzand tarbiyasida otaning o‘rni”, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan”, “Ilmdan boshqa najot yo‘q”, “Diniy ekstremizm va terrorizm taraqqiyot dushmani”, “Men yot g‘oyalarga qarshiman” mavzularida targ‘ibot tadbirlari tuman bo‘ylab muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
***
Forish tumani “Xonbandi” mahalla fuqarolar yig‘inida ijtimoiy himoya reyestrida turgan oilalar uchun “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida 3 gektar yerda yangi bog‘ tashkil etilmoqda.
Ushbu bog‘da “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hashar tashkil etilib, ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi.
Kuzgi ko‘chat ekish ishlarida tuman hokimi Ikrom Matiyev boshchiligida tuman sektorlari, barcha korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda Xonbandi mahala aholisi ishtirok etdi.
Ko‘chatlar tomchilatib, ya’ni suv tejamkor texnologiya asosida sug‘orilishi yo‘lga qo‘yildi. Belgilangan barcha ishlar yakunlangach, foydalanish uchun ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarga bo‘lib beriladi.
***
Jizzax viloyat IIB ekspert-kriminalistika markazi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Jizzax akademik litseyi o‘quvchilariga mahorat darslari o‘tildi.
Mashg‘ulotda mutaxassislar o‘quvchi yoshlarga ekspert-kriminalistika markazi imkoniyatlari, sovuq qurollar ekspertizasi, ya’ni fuqarolardan olingan sovuq qurol va sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan buyumlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi” qonuni hamda Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.
***
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Zomin tumanida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda Zomin, Zarbdor, Yangiobod tumanlaridagi tadbirkorlar, hokim yordamchilari, tijorat banklari mas’ullari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan ushbu seminarda ishtirokchilarga kompaniyaning xizmat turlari haqida batafsil ma’lumotlar, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri