Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
FVV ishchi guruhi hamda toshqinga qarshi kurashish Jizzax viloyat shtabi a’zolari tomonidan “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida viloyatning sel xavfi mavjud hududlarida ularni bexavotir o‘tkazib yuborishga qaratilgan tadbirlar uyushtirilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahrining “Amir Temur” va “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan oqib o‘tuvchi sel yo‘llari, shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax suv ombori”ning holati bo‘yicha aholini erta xabardor qilish tizimlarining yaratilganligi, toshqin suvlari, sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish, ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar o‘rganildi. Mas’ullarga qo‘shimcha yo‘riqnoma va ko‘rsatmalar berildi.


***
Jizzax viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan madaniy-ma’rifiy tadbirda osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘lida matonat bilan xizmat burchini bajarayotgan xodimlarning mehnati e’tirof etildi. Shu ma’noda Ichki ishlar vazirligining “A’lo xizmatlari uchun”, birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar, viloyat ichki ishlar boshqarmasining sovg‘alari o‘z egalariga topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar Jizzax davlat pedagogika universiteti Madaniyat saroyi konsertmestri Gulmurod Xudoynazarovning “Kino san’atining yoshlar tarbiyasiga ta’siri” mavzusidagi ma’ruzasini diqqat-e’tibor bilan tingladilar.



***
Yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami, shuningdek muborak Ramazon oyi davom etayotgan qutlug‘ kunlarda Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov tumanidagi kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar oldi.
“Mahallabay” tizimi doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda tuman hokimi ushbu oila a’zolari bilan dildan suhbatlashib, ularning dard-u tashvishlarini tinglayapti va bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Tuman hokimligi va homiylar tomonidan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berilmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida fuqarolar yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, ehtiyojmandlarga ko‘rsatilayotgan yordam va g‘amxo‘rliklar uchun shukronalik keltirib, taraqqiy etayotgan yurtimiz tinchligini tilab duolar qilishmoqda.



***
Sharof Rashidov tuman IIB hamda “Yoshlik” MFY “mahalla yettiligi” vakillari 3-sektorga qarashli hududda yashovchi, oliy va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bir necha o‘nlab yoshlar va ularning ota-onalari holidan “xonadonbay” shaklda xabar olib, har bir talaba bilan suhbat qurdi.
Biriktirilgan mas’ullar talabalarning muammolari, qiziqish va istaklarini o‘rganish bilan bir qatorda ularni vatanparvarlik va bugungi kunga shukronalik hissini ko‘proq anglashga da’vat etib, kelgusidagi reja va maqsadlari bilan yaqindan tanishib chiqdi, kontrakt to‘lovlarini hal etish borasida ham o‘zaro suhbat qurildi.
Shuningdek, ularga jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq qoidalari, tartib-intizom va amaldagi qonunlarda ko‘rsatilgan normativlarga rioya qilish bo‘yicha tushunchalar berildi.


***
Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasida yuqori texnologik operatsiyalarni “kam invaziv” yo‘l bilan bajarish imkoniyati yaratildi, ya’ni laparaskop apparati ishga tushirildi.
Ushbu zamonaviy apparat yordamida kichik o‘lchamdagi kesim orqali ko‘plab a’zolardagi operatsiyalarni bajarish mumkin.
Endilikda qorin bo‘shlig‘idagi kistalar, tuxumdon kistalari, appenditsit, o‘t qopidagi toshlar, diafragma qizilo‘ng‘ach churralari va boshqa turdagi operatsiyalar laparaskopik usulda bajariladi.
Bundan tashqari, yuqori va pastki qovoklarni olish blefaroplastika, qorindagi yog‘larni olish va obdominoplastika, qon tomir varikoz kasalliklari operatsiyalari bajariladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri