Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki tomonidan tashkil etilgan “Urban.Tech UZBEKISTAN” hakatoni 72 soat davom etdi va unda 75 ta jamoa tarkibida jami 500 nafar talaba-yosh ishtirok etdi.

Startap loyihalar natijalariga ko‘ra, Jizzax politexnika instituti talabalaridan iborat “BAB Brainiacs” jamoasi a’zolari Avazbek Safarov, Azimjon G‘aniyev, Nurbek Erkinov hamda Samandar Nazarov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom, esdalik sovg‘alari hamda 50 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
***
Yangiobod tumanida aholi va kichik biznes egalarining tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish va sohaga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida tumanda ko‘zga ko‘ringan, tadbirkorlik sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.

Yangiobod tumanidagi “Havotog‘” QFY, Uchturgon qishlog‘i hududida faoliyat yurituvchi “Xayr Havotog‘” MCHJ rahbari Muhammadxayrullo Qayumjonov ishtirokida tashkil etildi. Uchrashuvlardan so‘ng, bir qator yoshlar tadbirkor etagini tutib, u kishining yo‘lidan borishga qaror qilgani quvonarli bo‘ldi.
***
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarining Do‘stlik tuman bosqichida jami 126 nafar yuqori sinf o‘quvchilaridan iborat 18 ta jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

1-o‘rinni 4-sonli umumta’lim maktabi, 2-o‘rinni 1-sonli maktab va 3-o‘rinni 13-maktab jamoalari egallab, tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar “Zakovat intellektual klubi” NNT, tuman ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***

“Aholining ehtiyojmand qatlamiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirish” loyihasi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magida Jizzax viloyati “Istiqlol avlodi” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi huquqshunosi X.Sattarov Sharof Rashidov tumani IIB probatsiya bo‘limi hisobida turgan 11 nafar mahkumni muddatidan oldin javobgarlikdan ozod qilish borasida Jinoyat ishlari bo‘yicha sayyor sud jarayonida ishtirok etdi. Shuningdek, probatsiya xizmati tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bu kabi profilaktik ishlar, xayrli tadbirlar nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jinoyatchilikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***

Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab yurtimiz bo‘ylab “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, G‘allaorol tumanida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida texnikum hamda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda. Fuqarolarga is gazidan zaharlanish, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, yong‘inlar va boshqa favqulodda holatlarni oldini olish, kuz-qish mavsumida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, gaz va elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri