Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdorda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan 5 tashabbus olimpiadasi doirasida “Kasblar tanlovi”ning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tumandagi “Lalmikor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Dilshoda Tog‘ayeva bichuvchi-tikuvchilikda tengsiz ekanini namoyon etib, birinchi o‘rinni egalladi va viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tadbir tashkilotchilari tanlov g‘olib va sovrindorlarini diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.

***
Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida “Eng yaxshi kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining Jizzax shahar bosqichi o‘tkazilmoqda.
Jizzax shahar hokimligi, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash doirasida, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlov qizg‘in va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lmoqda.
Birinchi o‘rinni egallagan oila viloyat bosqichiga yo‘l olsa, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alariga loyiq ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.

***
“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining navbatdagi hududiy bosqichiga Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mezbonlik qildi.
Mazkur tanlovda Toshkent shahri, Namangan, Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlari FVB xodimlari ishtirok etdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tanlovda: 1-o‘rinni Sirdaryo viloyati FVBning “Bojalar” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2 va 3- o‘rinlarni mos ravishda Jizzax viloyatining “Sug‘diyona” hamda Toshkent shahrining “O‘tyurak bahodirlar”i egalladi.
Ko‘rik-tanlov yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar bilan bir qatorda barcha ishtirokchilar esdalik hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

***
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax Davlat pedagogika universiteti huzuridagi Mirzacho‘l agrosanoat texnikumida bo‘lib o‘tgan “Kasb va yoshlar” festivalida tumandagi barcha maktablarning 11-sinf bitiruvchilari ham ishtirok etdi.
Tadbirda bitiruvchilar texnikum faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi. Shuningdek, tadbir so‘ngida texnikum talabalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

***
Zafarobod tumani “Chimqo‘rg‘on” QFY aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, unga tuman tibbiyot birlashmasining oliy toifali vrach va hamshirlari jalb etildi. Tibbiy ko‘rikda endokrinolog, travmatolog, nevropotolog, terapevt, kardiolog, norkolog, teri-tanosil, okulist, bolalar jarrohi, akusher-ginekolog, EKG, UTT (UZI) kabi 14 ta yo‘nalish bo‘yicha chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar amalga oshirildi.
Shu kunning o‘zida shifokorlar tomonidan 420 nafardan ortiq aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

***
Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va 2022-2023 yilgi bitiruvchi yoshlar bilan suhbat qurish maqsadida “Maktabim – oltin davrim” nomli tungi musiqiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda Arnasoy tumani maktabgacha va maktab ta’limi, madaniyat bo‘limlari rahbarlari hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muharram Abduxalilova ishtirok etib, bitiruvchi yoshlarga katta hayot yo‘llida qo‘yiladigan ilk qadam haqida maslahat va tavsiyalar berdi.

Tadbir nihoyasida namoyish etilgan konsert dasturi yoshlarga xush kayfiyat ulashdi.
A.QAYUMOV, O‘zA