Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumani, “Xo‘jamushkent” qishloq fuqarolar yig‘inida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muqaddas O‘razaliyeva ishtirokida nuroniylar, yoshlar, fuqarolar yig‘ini xodimlari, korxona, tashkilot rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda deputat tomonidan Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
* * *
Zarbdor tuman hokimi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tumandagi “Toshkesgan” MFYda yashovchi yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, yashash sharoiti o‘rganildi.

Shuningdek, suhbat davomida oila vakillariga qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida kundalik ehtiyoj uchun un va boshqa zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
* * *
Anomal sovuqqa qaramasdan “Zomintumangaz” korxonasi jamoasi a’zolari tomonidan tabiiy gaz bilan ta’minlangan mahallalar aholisiga bir maromda tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.


Korxona ishchi-xizmatchilari tabiiy gaz tarmoqlarini, gaz taqsimlash punktlarini muntazam sozligini tekshirib borayapti. Shu bois ham tumandagi tabiiy gaz bilan ta’minlangan mahallalar aholisiga gaz bir maromda yetkazib berilmoqda.
* * *
Paxtakor tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari U.Safarov mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda 4-bosqich “Ayollar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha ishchi guruhning ish faoliyati bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida bugungi sovuq ob-havo sharoitida aholi muammolarini bartaraf etish borasida tashkil etilgan “Tezkor shtab” aholidan qabul qilingan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Xususan, “Paxtazor” mahallasida iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berildi. Ichimlik suvi, suyultirilgan gaz ballonlari va ko‘mir mahsuloti grafik asosida zarurat yuzaga kelgan mahallalarga yetkazilyapti.
* * *
Do‘stlik tumani “Tezkor shtab”i tomonidan anomal sovuq sharoitida aholi muammolarini bartaraf etish borasida ham ishlar izchilik bilan olib borilmoqda.

Xususan, tumandagi “Qahramon” mahallasida iste’molchilarga kerakli miqdordagi suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan balonlar yetkazib berildi. Bu kabi ishlar grafik asosida barcha mahallalarda amalga oshirilmoqda.
* * *
Baxmal tumani hokimi Musa Anarbayev hududdagi ijtimoiy ob’ektlar – shifoxona, umumta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, mas’ullar o‘z vazifalarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymasliklari to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildi.

Tumanda tashkilot va muassasalar hududini qordan tozalash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mas’ul rahbarlar tomonidan ijtimoiy muassasalardagi isitish tizimida muntazamlik jiddiy nazoratga olingan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA