Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tumani hokimligi Yoshlar ishlar agentligi, xalq ta’limi tuman bo‘limlari va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan IT CYeNTYeR markazida uyushmagan yoshlar hamda maktab o‘quvchilari o‘rtasida kibersport bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Bunday musobaqalarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda virtual sportni rivojlantirish va mamlakat kibersportchilarini jahon miqyosidagi yoshlar qatoriga olib chiqishdan iborat.G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

***
Jizzax shahrida 2022 yil uchun “Ayollar daftari” ni 3-bosqichini shakllantirish bo‘yicha o‘quv seminar o‘tkazildi. Unda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi, shahar hokimligi vakillari, oila, xotin- qizlar va ijtimoiy ma’naviy masalalar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, sektor kotiblari, shahar tibbiyot bo‘limi mutaxassislari va boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida xatlov natijalari tahlil qilinib, “Ayollar daftari” yuzasidan turli savollarga batafsil javob berildi.
***
Mirzacho‘l tumanida yoshlarning ilg‘or g‘oya, taklif va tashabbuslari bilan tanishish va ularning muammolarini hal etish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda 100 nafardan ziyod yoshlar va ularning ota-onalari o‘zlarining muammolari, takliflari, tashabbuslari va murojaatlari bilan qatnashdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv jarayonida yoshlardan kelib tushgan murojaatlarning barchasi mutasaddi tashkilotlarga ijro uchun yo‘naltirildi. Murojaatlardan bir nechtasi joyida hal etilib, qolganiga huquqiy tushuntirishlar berildi.
***
Sharof Rashidov tumanida tashkil etilayotgan sport bellashuvlari faqat ayni bir tashkilot, muassasa yoki yoshlar uchungina bo‘lmay, keng qamrovli sog‘lomlashtirish musobaqalari sifatida o‘tkazildi. Unda tuman fuqarolari, uyushmagan yoshlar, maktabning yuqori sinf o‘quvchilari va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.

Tumanning 3-sektor hududidagi mahallalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha turnir tashkil etilib, unda 1-o‘rinni “Qorayantoq”, 2-o‘rinni “Fayzabod” va 3-o‘rinni “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi uyushmagan yoshlar, yuqori sinf o‘quvchilari va katta yoshdagi fuqarolardan tashkil topgan jamoalar qo‘lga kiritdi.G‘olib va sovrindorlar homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Jizzax viloyati Paxtakor tumani ichki ishlar bo‘limi tashabbusi bilan 3-sektor hududida yashovchi bir guruh fuqarolarning Sharof Rashidov tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlariga sayohati uyushtirildi.
Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida paxtakorliklar baliqchilik klasteri, gul va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish issiqxonalari, quyonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishtirildi.

Mazkur jarayonda baliqchilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish hamda kredit va subsidiyalar olish bo‘yicha ma’lumot va tavsiyalar berildi. 3-sektor rahbarlari tomonidan bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa hududlariga ham uyushtirilishi rejalashtirilgan.
***
Zomin tumanining 4-sektor hududida yoshlar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uyushmagan yoshlarning va yuqori sinf o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini juda qiziqarli bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Bilimdonlar “jangi”da 40 ga yaqin zakovatchi yoshlar ishtirok etdi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, 1-o‘rinni “Turkman” MFYning “Aqilli qizlar” jamoasi, 2-o‘rinni “Chorvador” QFYning “Bilimdonlar jamoasi” va 3-o‘rinni “Turkman” MFYning “Balli yigitlar” jamoasi egalladi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA