Jizzax viloyati: izchil islohotlar, tashabbuslar amalda
Jizzax viloyatida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ishni mahallabay tizimida tashkil etilishi natijasida muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir. Aholining ish bilan ta’minlanishi esa oilalar turmush farovonligini yanada yuksaltirmoqda.
Jizzax viloyatida 302 ta mahalla mavjud bo‘lib, 300 oilada 1 million 475 ming 600 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan joriy yil boshidan xonadonlar yuz foiz xatlovdan o‘tkazilib, iqtisodiy ahvoliga ko‘ra 4 ta toifaga ajratib olindi. Ushbu o‘tkazilgan xatlovlar bo‘yicha birinchi va ikkinchi yarim yillik yo‘l-xaritalari tasdiqlangan.
2022 yil davomida mahallabay ishlash tizimi orqali 174 ming nafar fuqarolar daromadli mehnat bilan ta’minlandi va 76 ming 621 nafari doimiy hamda jamoat ishlariga joylashtirildi. Shundan 77 ming 809 nafari o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, 16 ming 740 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida viloyatga ajratilgan 540 milliard so‘m kredit limitidan tavsiyanomalar asosida 23 ming 645 nafar fuqaroga 525 milliard 400 million so‘m kredit ajratildi.
Shuningdek, ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 3 223 ta fuqaroga 11,2 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi.
[gallery-10521]
Prezidentimizning qarori asosida 8 ming 487 gektar yer maydoni ajratish hisobiga 16 ming 252 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Hunarmandchilik yo‘nalishida 4 ming 80 nafar ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, viloyatda kichik biznes sub’ektlarini ikki barobarga oshirish maqsadida 4 ming 529 ta yuridik va 3 ming 304 ta yakka tartibdagi yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Bu 9 ming 637 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Viloyatda aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yashash sharoitini yanada yaxshilash, bandligini ta’minlashda ijtimoiy daftarlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, “Temir daftar” ga kiritilgan 18 ming 72 ta oilaning 79 ming 918 nafar a’zosi ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan 2022 yilda 17 ming 416 ta oilaning mehnatga layoqatli 23 ming 82 nafari doimiy ish bilan ta’minlanib, kengash qarorlari asosida daftardan chiqarildi. Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan yordamlar natijasida 643 ta oilalar daftardan chiqarilgan va bugungi kunda 656 ta oila ro‘yxatda qolmoqda. Shuningdek, 2022 yilda 13 ming 352 nafar yoshlar daftariga kiritilib, 13 351 nafariga ko‘mak ko‘rsatilgan. bugungi kunda viloyat bo‘yicha 4 ming 422 nafar (7,5 foiz) yoshlar daftarda qolmoqda.
O‘tgan yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 27,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjeti daromadi 2022 yil uchun 2 trillion so‘m miqdorida belgilangan bo‘lib, haqiqatda 2023 yil 1 yanvar holatiga 2,2 trillion so‘m yoki 109 foizga ijro etildi.
Mahalliy byudjet daromadlari 1,6 trillion so‘mni tashkil etdi. 2022 yil yanvar-dekabr oylarida jami 260 million AQSH dollari eksporti rejasi 210,8 million dollarga yoki 81,1 foizga bajarildi. 40 ta korxona eksport faoliyatiga ilk bor jalb etilib, ular tomonidan 10 million AQSH dollarilik mahsulotlar xorijga sotildi. Shuningdek, 300 ming dollarlik 4 ta yangi turdagi mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yili 394,6 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 399,2 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi.
2022 yil yakuni bilan qiymati 2 trillion so‘mlik 571 ta hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirilishi hisobiga 7 ming 321 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2022 yilda 93 ming 832 nafar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 4,3 trillion so‘m, shundan 91 ming 342 nafar aholiga 1,8 trillion so‘m hamda 2 ming 490 ta tadbirkorlik sub’ektlariga 2,5 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 23 ming 645 nafar mijozlarga 525,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, 20 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.
Jizzax viloyatida 23 ta kichik sanoat zonalari uchun 132,4 gektar yer maydoni, shundan loyihalarga mo‘ljallangan 110,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Kichik sanoat zonalarida jami 93 ta loyihalarda 417,7 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi natijasida 1 ming 487 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
bugungi kunga qadar qiymati 184,6 milliard so‘mlik 39 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 457 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu korxonalar tomonidan 2022 yilda 55,7 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Barcha dasturlar ijrosi doirasida 2022 yilda mahallalarda 1 ming 584 ta loyiha amalga oshirilgan. Obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlariga 1,3 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, 1 ming 257 ta ob’ektlar foydalanishga topshirilgan.
Shahar va tuman markazlaridan 13 ta shahar va tuman markazlarida 2023 yilning 1 yanvar holatiga 44,4 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Ob’ektlarning yillik bajariladigan qurilish rejasiga nisbatan bajarilish 100 foizni tashkil etmoqda. Pudratchilarga 42,3 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirib berilgan. 2022 yil yakuni bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 24 trillion so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 103,4 foizni tashkil qildi.
Joriy 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida reja va maqsadlar yanada ulkan. Jizzaxliklar g‘ayrat-shijoat bilan yurt taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishdek ezgu niyatda astoydil mehnat qilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA.