Jizzax viloyat xabarlari – qisqa satrlarda
G‘allaorol tumani hokimi, 1-sektor rahbari Jalolitdin Oqboyev “Mirzabuloq” va “Mulkush” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqot qildi, ular tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni diqqat bilan tingladi, yoshlarni qiynayotgan muammolar, qiziqtirayotgan savollariga atroflicha javob berdi.
Tuman hokimi yoshlarning muammolarini hal etish, ular tomonidan bildirilgan tashabbusli g‘oyalarni o‘rganib chiqish uchun mas’ullarga belgilangan muddatlarda topshiriqlar yukladi.

***
Forish tumani 1-sektor hududidagi “O‘xum” mahallasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromadga ega bo‘lishlari uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga o‘zini o‘zi band qilib, doimiy daromadga ega bo‘lishlari uchun mahallaga tayinlangan hokim yordamchisi Farruh Shomurodov tomonidan subsidiya asosida tikuv mashinkalari topshirildi.
***
Andijon viloyatida sportning voleybol turi bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida Zarbdor tumani voleybolchi qizlari muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ravshan Suyundiqov murabbiyligida shug‘ullanayotgan voleybolchi qizlar jamoasini Zarbdor tumani hokimligi, sport ishlarini rivojlantirish bo‘limi, sportchilarning ota-onalari va yaqinlari tantanali kutib oldi.
***
Baxmal tumani markaziy poliklinikasida Prezidentimizning joriy yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish hamda tibbiy yordamga muhtoj oilalarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy ko‘mak ko‘rsatilishini tashkillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi bo‘yicha tadbir tashkil etildi.

Tadbirga tuman hokimi o‘rinbosari X.Boymurodova, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha IIB inspektori Z.Jomurodova va boshqalar 2022 yil 29 iyundagi PQ-300-sonli qarorining mazmun-mohiyati xususida to‘xtaldi va kelgusidagi bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan “yo‘l xati” ishlab chiqildi.
***
Yangiobod tumani “Sarmich” MFYga qarashli “Xalqobod” ko‘chasining 800, “Lalmikor” ko‘chasining 100 metr qismida tuman obodonlashtirish korxonasi tomonidan shag‘allashtirish ishlari nihoyalanmoqda.

Tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev hamda sektor rahbarlari mazkur mahallaga borib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi holati bilan yaqindan tanishdi va mas’ullarga tegishli kamchiliklar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, ularga qurilish ishlarini puxtalik bilan sifatli tarzda bitkazish yuzasidan ko‘rsatma va aniq topshiriqlar berdi.
***
Forish tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida 42 ming 470 tupdan ziyod turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish belgilangan. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda ko‘chat zaxiralari yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tumandagi umumta’lim maktablari hovlilari va yon atroflariga tok va terak qalamchalari ekishga alohida e’tibor qaratilgan.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA