Jizzax va Xaynan o‘zaro hamkorlik qiladi
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev hokimlikning anjumanlar saroyida Xitoy Xalq Respublikasi janubida joylashgan Xaynan provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shen Danyan boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Xaynanlik delegatsiya a’zolari Jizzax viloyatiga birinchi marotaba tashrif buyurganlari bois, ularga Jizzax viloyatining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar, viloyatning asosiy drayverlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda hududda qaysi yo‘nalishlarga investitsiya mablag‘larini jalb etish mumkinligi va zarurati to‘g‘risida ham aytib o‘tildi. Shuningdek, vohaning salohiyati aks etgan videorolik ham namoyish etildi.


Delegatsiya rahbari Shen Danyan qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Xaynan delegatsiyasining Jizzax viloyatiga tashrifidan asosiy maqsadi Jizzax va Xaynan o‘rtasidagi do‘stona va hamkorlik aloqalarini yanada mustaqkamlashdan iborat ekani, ayniqsa, Jizzax viloyati salohiyati namoyish etilgan videorolik ularda chuqur taassurot qoldirganini qayd etdi.


Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida Jizzax viloyati hamda Xaynan provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik me’morandumi imzolandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari