Jizzax suv omborining yana bir vazifasi
Sangzor daryosining suvini to‘plab, 8400 gektar yer maydonini obi hayot bilan 50 yildan ziyod vaqt mobaynida ta’minlab kelayotgan Jizzax suv ombori endilikda yana bir muhim vazifani bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida suv ombori hududida bir qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Dastlab inshootga olib boruvchi 1 kilometr yo‘l asfaltlashtirildi. Suv omboridagi mashinalar zali, qo‘riqlash posti, maishiy binolar zamonaviy ta’mirlanib, xodimlarning ish unumdorligi oshirildi. Suv ombori ostidagi yaroqsiz holga kelib qolgan tunnel ta’mirlandi. Atrofda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilib, 18 kV/soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. Ular yordamida hududdagi bino va inshootlar elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlanib, bir kunda o‘rtacha 432 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
– Mana ellik bir yildirki, suv ombori sug‘orma dehqonchilik uchun xizmat qilib kelayapti, – deydi Jizzax suv ombori boshlig‘i Sobir Isayev. – Bu inshoot viloyatimiz qishloq xo‘jaligi va iqlimida juda katta o‘rin tutadi. Prezident qaroriga muvofiq, suv ombori hududida mikro GES ham qurib bitkazildi. Uning umumiy quvvati 550 kVt bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 620 million 900 ming kVt/soatni tashkil etadi. Ushbu loyiha mintaqada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi. Mikro GES vegetatsiya davrida faol tok ishlab chiqarishi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri