Jizzax qovunlari dunyo bozorlarida
Jizzaxning saharlari o‘zgacha. Quyosh hali to‘liq bosh ko‘tarmasidanoq Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi hayot” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi dalalarida mehnat qaynaydi. Yer bag‘ridan taralayotgan nam hid, polizlar uzra taralgan qovun ifori va dehqonlarning bir maromdagi harakati baraka mavsumining boshlanganidan darak beradi.
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, eksportbop navlarni ko‘paytirish, mahsulot sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-aprelda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida eksportbop mahsulotlar yetishtirish, logistika, saqlash va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jizzax polizlarida kuzatilayotgan natijalar ana shu vazifalarning amaldagi ifodasidir.
Buning amaliy tasdig‘ini raqamlar ham ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz 2025-yilning dastlabki olti oyida 17 davlatga 14 ming tonna qovun eksport qildi. Asosiy xaridorlar qatoridan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Yevropa davlatlari o‘rin olgan. Bu raqamlar nafaqat tashqi bozorlarda o‘zbek poliz mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotganini, balki dehqon mehnatining munosib qadr topayotganini ham anglatadi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ijarachi dehqon Ahmad Turg‘unov joriy yilda to‘rt gektar maydonga eksportbop oqurug‘ qovun navini ekib, mo‘l hosil yetishtirdi. Polizlarda obinavot, amiri, ko‘kcha, tarpinza kabi xalqimiz azaldan sevib iste’mol qilib kelayotgan navlar ham pishib yetildi. Har bir qovunda quyoshning harorati, har bir hosilda esa dehqonning fidokorona mehnati mujassam.
Bu dalalarning yana bir o‘ziga xos jihati — mehnatning uyushqoq tashkil etilganida. Minglab gektar maydonlarda Namangan viloyatining Chust tumani Aqcha qishlog‘idan kelgan yuzga yaqin oila a’zolari shartnoma asosida mehnat qilishmoqda. Kimdir qovun saralaydi, kimdir sug‘orish ishlarini bajaradi, yana kimdir hosilni bozorbop holatga keltirish bilan shug‘ullanadi. Bu hamkorlik nafaqat mahsulot yetishtirish hajmini oshirmoqda, balki qishloq aholisi bandligi va daromadlarini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Mehnatning natijasi ham salmoqli. Mavsum davomida har bir oila o‘rtacha 30–40 million so‘mgacha daromad topmoqda. Bu esa yuzlab xonadonlar farovonligi, qishloqlarda barqaror daromad manbai va mehnatga bo‘lgan ishonch mustahkamlanayotganini anglatadi.

— 5–6 yildan buyon ijara shartnomasi asosida poliz mahsulotlari yetishtirib kelyapmiz. Qovun bilan birga tarvuz, kartoshka, makkajo‘xori, oshqovoq ham ekib parvarishlaymiz. Yil sayin tajribamiz oshib bormoqda. Eng katta yutug‘imiz — mehnatimiz orqali odamlar ishli, rizqli bo‘layotganidir, — deydi ijarachi dehqon Ahmad Turg‘unov.
Bugun “Yangi hayot” suv iste’molchilari uyushmasi dalalarida yetishtirilayotgan qovunlar ichki bozor bilan cheklanib qolmayapti. Saralangan hosilning bir qismi eksportga yo‘naltirilmoqda. Ayni paytda xo‘jalikda eksportbop qovun navlari va urug‘chiligini yanada rivojlantirish, tashqi bozor talabiga mos hosil yetishtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shubhasiz, Jizzax polizlarida yetishtirilayotgan qovun, tarvuzlar — yerga mehr qo‘ygan dehqonning halol mehnati, mamlakatimizda agrar sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar va eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning amaliy samarasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri