Jizzax bojxonasi: tartib va taraqqiyot
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-tur va matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashqi iqtisodiy faoliyat uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda qonunbuzarliklarga qarshi kurash natijalari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir doirasida jurnalistlar dastlab “Jizzax TIF” bojxona posti faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Postda yuklarni tezkor va shaffof rasmiylashtirish, raqamli nazorat mexanizmlarini keng joriy etish hamda tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Shuningdek, “BMB NRC Agrologistics” MCHJ va “ADM-Jizzax” MCHJda bojxona tartib-taomillarining amaldagi samarasi, import-eksport jarayonlaridagi yengilliklar va ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishildi.
Matbuot anjumanida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Farhod Ortiqov mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, davlat byudjeti daromadlarini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bugungi bojxona tizimining ustuvor vazifasi ekanini ta’kidladi:
— Bugun bojxona organlari faqat nazorat qiluvchi tuzilma emas, balki tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ishonchli hamkorga aylanmoqda. Asosiy maqsadimiz — qonuniy tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, noqonuniy aylanmaga esa mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishdan iborat.
Tadbirda qayd etilganidek, 2025–2026-yillar davomida boshqarma tomonidan davlat byudjetiga tushumlarni ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, belgilangan 2,89 trillion so‘mlik reja 107,6 foizga bajarilib, byudjetga 3,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu davrda jami 5,28 trillion so‘m bojxona to‘lovlari hisoblanib, 3,79 trillion so‘mlik imtiyozlar qo‘llanildi.
Bojxona nazorati va auditi yo‘nalishida ham samaradorlik oshgani raqamlarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Nazorat va rasmiylashtiruv jarayonlarida 13,4 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari aniqlanib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foizga o‘sdi. O‘tkazilgan bojxona auditlari natijasida esa 825,3 million so‘m bojxona to‘lovlari undirildi. Bu mazkur yo‘nalishda samaradorlik 15 barobar yaxshilanganini ko‘rsatadi.
Hisobot davrida 25 ming 559 ta avtotransport va 3 ming 410 ta temir yo‘l orqali tashilgan tashqi savdo yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Amalga oshirilgan 2 ming 262 ta bojxona ko‘rigining 288 tasida 2,18 milliard so‘mlik tafovutlar aniqlangani tizimda xavf-xatarlarni erta bartaraf etish mexanizmi kuchaytirilayotganidan dalolat beradi.
Ekspertiza yo‘nalishida ham muhim natijalar qayd etildi. Bojxona ekspertizalari asosida 8,3 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblanib, o‘sish sur’ati 13,5 foizni tashkil etdi.
Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayta ishlash rejimida 25 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan qiymati 17,1 million dollarlik xomashyo import qilinib, qiymati 20,1 million dollarlik tayyor mahsulot eksporti amalga oshirildi. Shuningdek, viloyatda qiymati 2 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasining ijrosi ta’minlandi.
— Islohotlarning tub mohiyati — “raqamli bojxona” tamoyili asosida inson omilini qisqartirish, halol tadbirkor uchun yengil va tezkor tizim yaratishdan iborat. Har bir qonuniy yuk ortida ish o‘rni, investitsiya va iqtisodiy o‘sish turibdi. Shu bois bojxonada shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashni eng muhim vazifalardan biri sifatida ko‘ryapmiz, — dedi boshqarma rahbari.
[gallery-29516]
Matbuot anjumanida qonunbuzarliklar va kontrabandaga qarshi kurash natijalari ham ochiqlandi. Xususan, 7 ta holatda qiymati 256 million so‘mlik qariyb 6 ming quti tamaki mahsulotlari, 28 ta holatda qariyb 3 milliard so‘mlik 8 ming 262 litr spirt va alkogol mahsulotlari, 33 ta holatda 4 ming litr neft mahsulotlari, 5 ta holatda 1 milliard 405 million so‘mlik zargarlik buyumlari hamda 21 ta holatda 74 ming donadan ortiq pirotexnika vositalari noqonuniy aylanmadan olindi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi doirasida 796 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 63 nafar shaxs rasman ogohlantirildi. Boshqarma faoliyati va amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 1620 marotaba axborot chiqishlari tashkil etildi.
Tadbir yakunida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi kelgusida ham davlat byudjeti daromadlarini barqaror ta’minlash, kontrabandaga qarshi murosasiz kurashish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, bojxona tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish va korrupsiyaga qarshi qat’iy choralarni davom ettirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari