“Jiraquduq” – tosh qotgan o‘rmon
O‘ttiz million gektar maydonni egallagan Qizilqum kengliklari o‘rnida bundan bir necha million yillar avval Tetis okeani mavjlanib turgan, degan taxminlar mavjud. Negaki, hozir ham Mingbuloq ovuli atrofida tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklarini uchratish mumkin.
Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan “Jiraquduq” (o‘zbek tilida “jira” – “jilg‘a” ma’nosini bildiradi) darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud bo‘lgan “Tosho‘rmon”, deb ataluvchi noyob geologik, poleontologik, tarixiy va tabiiy ob’ekt dunyo olimlarini hamon o‘ziga jalb qilmoqda. Bundan bir necha yil avval Kaliforniyalik paleontolog olim, professor Jeyms Devid Archibald rahbarligidagi O‘zbekiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Amerika va Kanada davlatlari hamkorligida faoliyat yuritgan (URBAK) Xalqaro ekspeditsiya sa’y-harakatlari bilan Qizilqum tabiatining bunday noyob mo‘’jizasi to‘g‘risida ko‘pchilik xabardor bo‘lgan edi.
Bu safar bir guruh Slovakiya olimlari Mingbuloqdagi Jiraquduq darasiga tashrif buyurdi. O‘zbekiston va Slovakiya mamlakatlari o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, ekspeditsiya tarkibida Pavla Yozefa Shafarika nomidagi Slovakiya davlat universiteti olimlari – doktor Martin Kundrat, universitet magistr-doktorantlari fransiyalik Demiyen Marten va perulik Djoselin Mendoza Yengle, Dionisiya Shtura nomidagi geologiya davlat instituti doktori Mario Olshavskiy, Slovakiya davlat muzeyi ilmiy xodimi Gabriel Leshinskiy bor.

– Muzlik davridan keyingi iqlim o‘zgarishi, global isish davri boshlanib, koinotdan yerga meteoritlarning qulashi natijasida dengiz suvi parchalanib, bu yerlar yuz yillar davomida quyosh nuridan panada chang va to‘zon girdobida qoladi, – deydi biz bilan suhbatda ekspeditsiya rahbari Pavla Yozefa Shafarika nomidagi Slovakiya davlat universiteti doktori Martin Kundrat. – Natijada barcha fizik jinslar kimyoviy tarzda qorishib okean atrofidagi o‘rmonzorlar suvda va quriqlikda yashagan hayvonlar o‘zga bir shaklga kirib toshga aylangan bo‘lishi mumkin.
– O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya qo‘mitasi stratigrafiya partiyasi O‘rta Osiyo bo‘yicha yagona hisoblanadi, – deydi stratigrafiya partiyasi yetakchi geologi Yuriy Fyodorov. – Ikki mamlakat o‘rtasida qabul qilingan memorandumga binoan biz tomonimizdan ekspeditsiya a’zolarining to‘laqonli faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 8-10 kun davom etadigan ilmiy izlanish ishlari bugundanoq o‘z samarasini berib, Jiraquduq darasidan biroz noyob geologik, poleontologik qazilmalar topildi.

Ikki mamlakat – O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra Jiraquduq darasidagi ilmiy izlanishlar 5 yil davomida olib boriladi. Ekspetsiyadan ko‘zlangan maqsad shu paytgacha olimlar tomonidan faqatgina taxmin qilinayotgan yuqorida qayd etilgan voqea-hodisalarga aniqlik kiritish orqali Qizilqum kengliklari o‘rnida okean bo‘lganligini ilmiy jihatdan asoslab berishdan iborat. Hakikatdan ham Jiraquduq darasi va uning atrofida bo‘lgan kishi tarixiy tabiiy manzarani – tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, daraxt tanalari, hattoki, o‘rdak burun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini ham ko‘rish mumkin. Bularning barchasi Qizilqum hududi qachonlardir okeanning bir bo‘lagi bo‘lgan, degan taxminga mos. Qolaversa, “Boxantau” darasidagi qoyatoshlarga bitilgan rasmlar, “Jiraquduq” darasidagi toshga aylangan daraxtlar, tosh qotgan o‘rdakburun dinozavrlari boldir suyaklari, akula tishlari ham moziydan sado berib turibdi.
Rayhon Qodirova,
Uchquduq tumani hokimligi axborot xizmati rahbari
O‘zA