Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-noyabrdan Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281 (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuk, harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlari qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuboriladi.
Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritiladi.
Farmonga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilandi.
2026-yil yakuniga qadar har bir hududdagi ish hajmidan kelib chiqqan holda kamida 1 nafar tergovchi va sudya xalqaro standartlarga asoslangan dastur asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi hamda ular tomonidan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka oid ishlar tergov qilinishi ta’minlanadi.
Bunda qoida tariqasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishda ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik berilishiga e’tibor qaratiladi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun "Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari" maxsus o‘quv dasturi tashkil etiladi.
O‘zA