Jinoiy guruh qo‘lga olindi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Mutal Burxonov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro O.F. ariza bilan murojaat qiladi.
Murojaatda joriy yilning 10 may kuni uning uyiga noma’lum shaxs g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ikki dona ayollar tilla zanjiri, bir dona erkaklar va bir dona ayollar tilla uzugi, ikki dona ayollar tilla sirg‘asi, “Lenova” rusumli noutbuk, 50 AQSH dollari, 60 Yevro, 1500 Rossiya rubli hamda 300 ming so‘m pullarini o‘g‘irlab, jami 58 million 825 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazib voqea joyidan yashiringanligini ma’lum qiladi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIOFMB 4-son IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tergov hamda surishtiruv harakatlari olib boriladi.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni, 1974 yilda tug‘ilgan Buxoro shahar Piridastgir mahallasida yashovchi fuqaro M.S., o‘zining jinoiy sheriklari, 1997 yilda tug‘ilgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Iskandar qal’asi mahallasida yashovchi, fuqaro N.Sh. hamda uning mahalladoshi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro M.B. oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganliklari aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Hozirda ushbu jinoiy guruhning viloyatda hamda respublikaning boshqa hududlarida sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan o‘g‘irlik jinoyatlariga aloqadorliklarini aniqlash borasida tezkor surishtiruv tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA