JIDU talabalari tadbirkor bilan uchrashdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ishbilarmonlaridan biri – “New retail” MCHJ, shuningdek, “Anorbank” va “Kapital sug‘urta” AJ ta’sischisi Qahramonjon Olimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Q.Olimov talabalar va o‘qituvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi, unga oliy davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni topshirilishi haqida hayajon bilan so‘zlab berdi.
– Davlatimiz biznes vakillarining mamlakatimiz iqtisodiyoti, kelajak ravnaqiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi, – dedi Q.Olimov. – Davlatimizda tadbirkorlar uchun qulay biznes muhiti yaratilib, keng imkoniyat, imtiyozlar berilmoqda. Demak, biz o‘zimizga bildirilgan ishonchni oqlashimiz kerak.

Mehmon talabalarga kasbiy faoliyati, ilk qadamlari, yo‘lida uchragan qiyinchiliklar, muvaffaqiyatlar va kelajak rejalar haqida so‘zladi. Muloqot chog‘i mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, moliya, iqtisodiyot, bank va boshqa sohalarga aloqador dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Q.Olimov talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Yakunda kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishildi.
O‘zA