Jerard Depardening oʻzbekcha orzusi
Bosh qahramon film davomida oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va Oʻzbekistonning boy tarixiy hamda madaniy merosini koʻrib, qanchalar hayratlanganini ifoda etadi.
Fransiyaning “Paris Première” telekanalida “Mon rêve ouzbek” (Mening oʻzbekcha orzuim) nomli hujjatli filmi bugun efirga uzatiladi. Unda Oʻzbekistonning 5 ta shahri - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukus aks etgan.
Uni Oʻzbekistonning ijobiy imidjini targʻib qilish maqsadida Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamda Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “B-Tween” Fransiya kinokompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtgan yili noyabr oyida tasvirga olingan edi. Ushbu hujjatli filmda bosh rolni mashhur fransuz aktyori Jerard Deparde ijro etgan.
Bosh qahramon film davomida oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va Oʻzbekistonning boy tarixiy hamda madaniy merosini koʻrib, qanchalar hayratlanganini ifoda etadi.
Kinoijodkorlar mamlakatimizga filmni tasvirga olishdan oldingi tashrif buyurgan edi. Oʻsha vaqtda aktyor “Oʻzbekiston azaldan olimlar va buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan zamin. Osiyoning qoq yuragida joylashgan bu mamlakat oʻzidan tashqaridagi mamlakatlarning madaniyatidan koʻplab madaniy anʼanalarni toʻpladi va shu bilan birga oʻz tajribasini tashqi olamga yetkazdi”, deya fikr bildirgan edi.
Qayd etish kerakki, Fransiyadagi mashhur kanalda taniqli fransuz aktyori ishtirokidagi mamlakatimiz haqida yaratilgan ushbu hujjatli filmning namoyishi etilishi fransuz hamda butun Yevropa jamoatchiligini oʻzbek xalqining madaniy-tarixiy merosi va anʼanalari bilan tanishtirishga yaqindan yordam beradi.
Sherzod Sultanov,
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bosh mutaxassisi