“JCH–2026”: oson emas bu maydon ichra turmoq...
Futbol jamoamiz jahon chempionatiga borib keldi. Qanday keldik? Gol urdik 2 ta. Kolumbiya, Konga darvozasini ishg‘ol etdik. Ancha-muncha gol ham o‘tkazib yubordik darvozamizdan. O‘zbekcha “mehmondo‘stlik”ni ko‘rsatdik. Endi bu birinchisi-da. Mundial havosidan ilk bor nafas oldik. Axir, Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat biz birinchi bo‘lib, AQSH, Meksika va Kolumbiyada o‘tkazilayotgan jahon birinchiligida ishtirok etdik. Gapni cho‘zmasdan futbolchilarimiz uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganini gapirmaysizmi, deyapsizmi? Shoshmang, aytaman. Maydon tekis, to‘p yumaloq. Yigitlarimiz bor kuchini berdi, ortida O‘zbekiston degan davlatning 38 millionlik aholisi turganini, ular g‘alabaga intiq ekanini ham yaxshi bilamiz. Ammo g‘alaba har doim ham kelavermaydi. Uning uchun qancha zaxmat chekish kerakligini bilasizmi? Aytmoqchimanki, bugun yutqazdik, keyingi gal albatta, yutamiz.
Aslida futbol degani bu or-nomus, Vatan sha’ni! Gohida u alam, iztirob va tushkunlikka ham aylanadi. Ko‘pincha biz mag‘lubiyat sabablarini o‘yinchilar va murabbiydan axtaramiz. Aslida unday emas, mag‘lubiyat g‘alaba uchun tashlangan qadam. Demak g‘alaba uchun tashlangan qadamimiz alamli va iztirobli chiqqan bo‘lsa, buyam bizning yutug‘imiz. Ertaga yanada yaxshiroq o‘ynash uchun o‘zimizning kamchiliklarimizni bilib oldik. Keyingi bosqichga bir biz emas, Koriya, Eron, Qatar, Iordaniya ham chiqa olmadi. Faqat Yaponiya bu ishni uddaladi. Darvoqe, Yaponiya mundialga ilk bor qatnashganida xuddi biz kabi uchta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchragan. Shunda hech kim futbolchilarni ayblamagan. Hamma ayb o‘zimizda, futbol infratuzilmasida, tizimda deyishgan va bolalar futbolini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishgan. Buning samarasida bugun Yaponiyada futbol jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.
Mundial – kashfiyot. Yosh, navqiron futbol yulduzlarining zuvalasi jahon maydonida pishiydi. Murabbiylar nazariga tushadi, futbol ixlosmandlarining sevimli o‘yinchisiga aylanadi. 48 mamlakatdan kelgan futbol jamoalari orasida yosh va navqiron futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev fintlariga, g‘ayrat-shijoatiga ko‘pchilik qoyil qoldi. Ba’zi murabbiylar uni o‘z klubida ko‘rishni ham orzu qilishdi. Abbosbekning iste’dodi qirralari shu mundialda yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi. Demak mundial biz uchun faqat ishtirok etish emas, o‘zbek yoshlarining dunyoda o‘zini ko‘rsatishi uchun sinov maydoni ham bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasining 18 yoshli himoyachisi Behruz Karimov ham mundialga bejizga bormaganini amalda isbot qildi. U o‘z o‘yinlari bilan yevropalik murabbiylar e’tiborini tortdi Futbolchining Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘yinida uning texnikasi va ishonchli to‘p surishi alohida e’tirof etildi. Ikki uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Karimov 15 ta to‘siq, 34 ta yakka kurash va 6 ta muvaffaqiyatli driblingni qayd etib, xorij klublarida qiziqish uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar unga “Barakalla, o‘g‘lim! Qoyil, Ronaldoga bas kelding, joning omon bo‘lsin, aziz bolajonim!” deya post qoldirishdi. Buyam bir natija emasmi, aslida? Buyam yosh futbolchilarimizning jahon maydonida ko‘rsatgan qahramonligi emasmi? Natijadan ko‘z yumib, yigitlarimizning o‘yiniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ular sha’niga “taxir” gaplar aytishga haqqimiz yo‘q. Sababi mundial harorati juda baland, u yerda to‘p tepish, oson emas. buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, “Oson emas bu maydon ichra turmoq”.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari va sardori Eldor Shomurodov Kongo bilan uchrashuvda o‘z vazifasini uddaladi. U chiroyli zarba bilan hisobni ochdi va O‘zbekistonga g‘alaba umidini bag‘ishladi. Birinchi bo‘limda Shomurodov pressingda faol ishtirok etdi, uch marta to‘pni tortib oldi va jamoasiga har tomonlama yordam berdi. U ikkinchi bo‘lim boshidagi yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi. Agar O‘zbekiston ikkinchi bo‘limda ham hujumkor o‘yin namoyish etganida Shomurodovda yana golli vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin edi. Futbolchilarimiz oyog‘iga to‘p tushganda muxlislarning yuragi yanada tezroq urdi, bir yurak bo‘lib urdi zarblar. Demak futbolimiz oru nomusimiz, sha’nimiz va qadr qimmatimiz. Boshqacha aytsak, futbol odamlarni birlashtiradi, Vatanni sevishga, yurtga sadoqat ko‘rsatishga undaydi. Aytmoqchimanki, mag‘lub bo‘lganda ham, g‘alaba qozonganda ham haqiqiy muxlis hech qachon terma jamoadan voz kechmaydi. Qayg‘usigayam, quvonchiga ham sherik bo‘ladi.
Muxlislar bilan gaplashsangiz, ular bu mundial birinchisi bo‘ldi, hali keyingi jahon chempionatlarida futbolchilarimiz nimaga qodir ekanini, albatta, ko‘rsatishadi, deyishmoqda. Chunki mamlakatimizda futbolga e’tibor kuchli, endi yanada kuchayadi. G‘alabalar hali oldinda. Biz bunga ishonamiz,
Faxriddin Bozorov,
jurnalist.
O‘zA