Javohir Sindorov bugun Ruminiyada Rameshbabu bilan kurashadi
Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat "Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi qatorida hamyurtimiz Javohir Sindorov ham dona surmoqda.
“Grand Chess Tour” turkumidagi nufuzli turnirda "Nomzodlar turniri" g‘olibi Javohir Sindorov singari AQSH vakili Fabiano Karuana, Uesli So, niderlandiyalik Anish Giri, Yorden van Forest, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa, germaniyalik Vinsent Kaymer, fransiyalik Alireza Firuzja, Maksim Vashe-Lagrav, ruminiyalik Bogdan-Daniel Dik g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.

Kecha o‘tkazilgan 1-tur bahsida Sindorov qora donalarda ruminiyalik Bogdan-Daniel Dikka qarshi dona surdi. Qiziqarli kechgan bahsning 33-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Shuningdek, ushbu turning qolgan juftliklar o‘rtasidagi bahslarida ham durang natija qayd etildi.

Bugun, 15-may kuni tashkil etiladigan 2-turda Javohir Sindorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat bo‘lgan turnir musobaqalari 23-mayga qadar davom etadi.
Turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA