Javohir Sindorov bugun Magnus Karlsen bilan dona surishadi
Bugun, 7-sentyabr kuni Hindistonning Bangalor shahrida shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Tech Mahindra Global Chess League” musobaqasi doirasida Javohir Sindorov Magnus Karlsenga qarshi dona suradi.
Sindorov yetakchiligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi uchinchi musobaqa kunida Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine APL Pipers” jamoasi bilan to‘qnash keladi.
Mazkur bahsda Sindorov Karlsen qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Global shaxmat ligasi tizimidagi mazkur musobaqada Yan Nepomnyashiy yetakchiligidagi “Ganges Grandmasters” jamoasiga qarshi kechgan bahsda Javohir Sindorov jamoasining omadi kelmadi.

Shiddatli va o‘ziga xos tarzda o‘tgan bahsda “FYERS American Gambits” jamoasi “Ganges Grandmasters” jamoasiga 7:9 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Turnirning birinchi va ikkinchi kungi o‘yinlarida Javohir Sindorov, Bibisara Assaubayeva, Nixal Sarin, Daniil Dubov, Sara Xadem va jamoa menejeri Mark’Andriya Mauritssidan iborat “FYERS American Gambits” jamoasi “PBG Alaskan Knights” jamoasini 10:4, “Triveni Continental Kings” shaxmatchilarini esa 14:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ortda qolgan kunda kichik farq bilan mag‘lub bo‘lganiga qaramay, jamoa 31 ball va 6 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni davom ettirmoqda.
Keyingi o‘rinlarda borayotgan “Ganges Grandmasters” jamoasi 25 ball va 6 ochkoga, Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine APL Pipers” jamoasi esa 21 ball va 6 ochkoga ega.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur turnir 12-sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA