Javohir Sindorov bugun Fabiano Karuanaga qarshi dona suradi
Bugun, 1-aprel kuni Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 4-turi doirasida musobaqaning eng yuqori nuqtasidagi o‘yinlardan biri bo‘lib o‘tadi.
Turnirda 2,5 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan hamyurtimiz Javohir Sindorov va AQSH vakili Fabiano Karuana 4-turda ro‘baro‘ keladi.

Kecha o‘tkazilgan 3-tur o‘yinlaridagi g‘alabadan keyin yetakchilarning mazkur turda to‘qnash kelishi ko‘pchilik qatori mamlakatimiz shaxmat ishqibozlarining e’tibor markazida bo‘lishi shubhasiz.
Javohir Sindorovning shaxmatdagi faoliyati, erishgan natijalari ko‘pchilikka ma’lum. 2022-yili 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi, 2025-yilgi jahon kubogi sohibi Sindorovning Nomzodlar turniri 4-turida dunyoning yetakchi shaxmatchilaridan biri Fabiano Karuanaga qarshi dona surishi nafaqat turnir, balki Javohir uchun eng e’tiborli va murakkab o‘yin bo‘lishi tayin.

Bunday deyishimizga sabab, professional faoliyati mobaynida to‘rt marta Italiya, besh marta AQSH chempionligini qo‘lga kiritgan, 2016-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi, 2018-2024-yillar oralig‘idagi Nomzodlar turnirining deyarli barchasida ishtirok etgan, hozirda FIDE reytingida 2810 ball bilan kuchli uchlikda borayotgan Fabiano Karuana to‘sig‘ini yengib o‘tish juda murakkab masala ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
Aytish lozim, Javohir 34 yoshli Karuana bilan o‘tgan yillar davomida bir qator turli darajadagi turnirlarda kuch sinashgan.
Masalan, o‘tgan yili fevral oyida “Freestyle Chess Grand Slam” musobaqasining yarim finalida har ikki shaxmatchi ishtirokidagi o‘yin armageddongacha yetib borgan edi. O‘shanda ilk partiyalarda yutuqqa erishgan hamyurtimiz so‘nggi partiyada okean orti vakiliga final sari yo‘l bergandi.
Bugun o‘tadigan bahsda umid qilamizki, oq donalarda harakatlanadigan Javohir g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etadi.
Shuningdek, 4-turning qolgan juftliklarida Andrey Yesipenko – Anish Giri, Vey I – Hikaru Nakamura, Matias Blyubaum – Praggnanandxa bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 14 ta turdan iborat Nomzodlar turniri musobaqalari 16-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA