“Jasorat uchqunlari” – mardlik, fidoyilik va sadoqat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28-yanvardagi “Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqalari Andijon viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi, mudofaa ishlari, boshqarmalari, harbiy qism qo‘mondonligi hamda qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida musobaqa ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar yurtimizda o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
O‘quvchi-yoshlarni milliy qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik musobaqalarida 5-9-sinf o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi.
[gallery-28779]
Jamoalar saf tayyorgarligi, tibbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar, robototexnika, huquqiy savodxonlik va milliy sport o‘yinlari shartlari asosida o‘zlarining bilim, iqtidor va mahoratlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, Buloqboshi tumani jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘lib, musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Asaka tumani, uchinchi o‘rin esa Ulug‘nor tumani jamoalariga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.