«Jasorat maktabi»: barkamol va yuksak salohiyatli yoshlar tarbiyalanadi
Andijon shahridagi harbiy qismda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Hokim va yoshlar uchrashuvi” doirasida «Jasorat maktabi» tinglovchilari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashlari, bandligini ta’minlash hamda jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli va yuqori salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.


Ana shu yo‘nalishdagi ishlarning sifati va samaradorligini oshirishda «Jasorat maktabi» loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Jasorat maktabi” loyihasi doirasida muddatli harbiy xizmatga kelgan yoshlar bilan bo‘lgan muloqot davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, istiqboldagi rejalar va tashabbuslar bilan viloyat hokimiga murojaat qildi. Yoshlar tomonidan o‘rtaga tashlangan, ularni qiynab kelayotgan qator muammo va takliflar tinglanib, ularni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Ijrosi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.


Ushbu muloqot yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolariga yechim topishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri