Janubiy Koreya va AQSH qo‘shma harbiy mashg‘ulot boshladi
Janubiy Koreya va AQSH qurolli kuchlari rejaga muvofiq “Ulchi Freedom Shield” nomli yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotni yo‘lga qo‘ydi.
“Newsis” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 17-27-avgust kunlariga mo‘ljallangan ushbu tadbirda Janubiy Koreya tomonidan 18 000 ga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda.
Avvalroq Prezident Donald Tramp ushbu qo‘shma mashg‘ulot ko‘lamini qisqartirish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar tarqalgan edi. Mudofaa vazirligi Amerika tomonidan ushbu bayonotga oid hech qanday rasmiy munosabat olmaganini aytdi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, Trampning bayonotidan oldinroq dala mashg‘uloti soni 17 tadan 14 tagacha qisqartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ulchi Freedom Shield” Koreya yarim orolida AQSH va Janubiy Koreya hamkorligida o‘tkaziladigan eng yirik harbiy mashg‘ulot hisoblanadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA