Janubiy Koreya Eksport-import banki Bolalar milliy tibbiyot markaziga grant ajratadi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Koreya Eksport-import banki vitse-prezidenti – Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bosh ijrochi direktori So Djun-Xva boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasi hukumati va Eksport-import banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishda strategik hamkor ekani ta’kidlandi. EDCF dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar tibbiyot tizimini yangi bosqichga olib chiqish va infratuzilmani mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hozirda KEXIM ishtirokida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda:
Kattalar uchun zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etish (124 mln AQSH dollari);
Milliy onkologiya markazini barpo etish (127,5 mln AQSH dollari);
Tibbiyot oliy ta’lim muassasasini tashkil etish (70 mln AQSH dollari);
Hududiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash (74 mln AQSH dollari).
Uchrashuv yakunida Bolalar milliy tibbiyot markazi uchun EDCF doirasidagi loyihani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandum imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, KEXIM 3 mln AQSH dollari miqdorida grant ajratadi. Mablag‘lar markazning muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish hamda tibbiy jihozlarning uzoq muddatli barqaror ishlashini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Tomonlar ushbu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
O‘zA