Jannat mevasi Bog‘ibalandda yetishtiriladi
Gap qaysi meva haqida borayotganini anglagandirsiz. Ha, topdingiz, bu – Samarqandning dunyoga mashhur anjiri.
Gap qaysi meva haqida borayotganini anglagandirsiz. Ha, topdingiz, bu – Samarqandning dunyoga mashhur anjiri.Mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu shifobaxsh ne’mat yetishtiriladi. Ammo Samarqand tumanining Bog‘ibaland mahallasidagi anjir foydali mikroelementlarga boyligi, ta’mi va sifati bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu aslo mening emas, soha mutaxassislari, xorijlik olimlarning xulosalari.
– Anjir mevasida 40 foizgacha, quritilganida esa 57-71 foiz shakar bor, – deydi tibbiyot fanlari doktori Saydulla Rasulov. – Shuningdek, oqsil, askorbin kislota, karotin, kalsiy, magniy, fosfor, temir, organik kislotalar, shovul kislota mavjud. Bu meva azaldan tibbiyotda shifobaxsh ne’mat sifatida foydalanib kelinadi. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino balg‘am ko‘chirish uchun anjir mevasini iste’mol qilishni, yo‘talni qoldirish uchun esa mevasini sutda qaynatib ichishni tavsiya etgan. Jigar, taloq va o‘pka yallig‘lanishi kasalliklarini davolashda ham keng qo‘llanilgan. Anjir taom hazmida katta ahamiyatga ega bo‘lgan tola (tomir)ga boy meva hisoblanadi. Bu tolalar inson organizmida ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi hamda saraton kasalligining ayrim shakllari xavfini kamaytiradi. Bir dona quritilgan anjirda ikki gramm tola mavjudligi va bu tavsiya etiladigan kunlik iste’molning yigirma foizini tashkil etishi ushbu ne’matning qanchalik foydali ekanidan dalolat beradi. Yurtimizning turli hududlarida yetishtiriladigan anjir mevalari tarkibi o‘rganib ko‘rilganda Bog‘ibaland anjiri mikroelementlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turishi aniqlangan. Ko‘chati shu yerdan olib borilib, Samarqandning boshqa hududlarida ekilganida ham meva Bog‘ibalanddagichalik xushta’m bo‘lmagan. Bu balki ushbu anjirzorlarning Cho‘ponota tepaliklari yon bag‘rida joylashgani yoki Zarafshon daryosiga yaqinligi bilan bog‘liqdir.
Tarixiy manbalar Bog‘ibaland anjirzorlari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishini ko‘rsatadi. Jumladan, “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab “Bog‘ibaland” bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan.
– Bog‘imizda 200-300-yillik anjir daraxtlari bor, – deydi Bog‘ibaland mahallasida yashovchi 68 yoshli tajribali bog‘bon Sharofiddin Asliyev. – Otam bu daraxtlarni ota-bobolarimiz ekkan, deb uning parvarishini o‘rgatganlar. Bolaligimda o‘zim ekkan nihollar ham bugun katta daraxt bo‘lib, mo‘l hosil bermoqda. Anjir shunday daraxtki, tomiri qarimaydi. Novdalari yangilanib turilsa, to‘g‘ri va sifatli ishlov berilsa, yildan-yilga gurkirab o‘sib, hosil beraveradi. Lekin daraxtlarimizning boqiyligi Bog‘ibalandning serunum tuprog‘i, zilol suvi va musaffo havosi bilan ham bog‘liq.
Bir necha yil oldin Isroildan kelgan fermer va olimlar bog‘imizda bo‘ldi. Anjir daraxtlari parvarishi, ularga ishlov berish va mevasini yig‘ishtirib olish jarayoni bilan tanishdi. Kun bo‘yi biz bilan bog‘ aylangan mehmonlar ertasi kuni qaytib kelib, “O‘zbekistonning boshqa hududlarida, chet mamlakatlarda ham anjir tatib ko‘rgandik. Lekin sizlarning bog‘ingizdagi meva ta’mi va boshqa xususiyatlari bilan bizga manzur bo‘ldi”, deb o‘z yurtlarida ekish uchun novdalardan qalamcha kesib berishimni so‘rashdi. Garchi boshqa joyda bu yerdagichalik anjir yetishtirish mushkul ekanini bilsam-da, mehmonlar ra’yini qaytarmay, qalamcha tayyorlab berdim. Keyinchalik eshitdim, nihollarning aksariyati ko‘kargan bo‘lsa ham kutilganidek hosilga kirmabdi.
Bugun Bog‘ibalanddagi fermer xo‘jaliklari maydonlarida, shuningdek, aholi xonadonlarida anjir g‘arq pishgan palla. Bu aziz ne’mat yurtimizning barcha hududlariga yetkazib berilmoqda. Mahalladagi anjirzorlarni tomosha qilish, jannat mevasini tatib ko‘rish uchun hatto xorijlik sayyohlar kelmoqda. Mahalla faollari va fermerlarning aytishicha, ushbu anjirzorlarni kelgusida Samarqandning sayohlik yo‘nalishlariga kiritish rejalashtirilgan. Demak, dunyoga mashhur Bog‘ibaland anjirzorlarini jahon ahli ko‘rishi, uning go‘zalligidan bahramand bo‘lish mumkin.