Jangovar sport turlari bo‘yicha noqonuniy musobaqa tashkil etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
So‘nggi paytlarda uyushgan tarzda sodir etilayotgan bezorilik jinoyatlari kuzatilmoqda. “Ko‘cha” degan atama paydo bo‘ldi. Jumladan, oxirgi besh yilda 77 ta uyushgan bezorilik yuz bergan. Bu aholining xavfsiz yashash muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qonunchiligimizda esa aynan uyushgan guruhlar tomonidan bezorilik ko‘rinishidagi jinoyatlar sodir etganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilmagan.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, uyushgan tarzda sodir etilgan bezorilik jinoyatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik, jinoiy uyushma tashkil etishga yoki jinoiy uyushma tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi taklif etilyapti. Bunda muddatidan oldin ozod qilish imkoniyati qo‘llanilmaydi.
Bundan tashqari, jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarni qonunga xilof ravishda tashkil etganlik yoki o‘tkazganlik, bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun ham ma’muriy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, avvallari mamlakatimizda aralash jang (MMA) sport turlari taqiqlangan edi. Keyinchalik bunga qonuniy ruxsat berildi. Ammo yashirincha, noqonuniy ravishda aralash jang (MMA) va shunga o‘xshash musobaqalarni o‘tkazish holatlari uchrab turibdi. Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bu borada 87 ta murojaat kelib tushgan. Birgina 2025-yilda 3 ta ana shunday noqonuniy musobaqa o‘tkazilgani aniqlangan. Endilikda jangovar sport turlari bo‘yicha noqonuniy musobaqalar jinoiy javobgarlikka sabab o‘ladi.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar qaytarildi. Ta’kidlanganidek, kuchaytirilayotgan ta’sir choralari mamlakatimizda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy choralarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA