Jamshid Qo‘chqorov “ACWA Power” rahbari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 59-yillik anjumani doirasida tashkil etilgan ushbu muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, ularning natijalari, hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish va loyihalar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar davomida davlat-xususiy sheriklik asosidagi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida Farg‘onada ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti loyihasini amalga oshirish, shuningdek, “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, uchrashuvda mamlakatdagi makroiqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, raqamli transformatsiya, kommunikatsiya va IT sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmati ma’lum qilganidek, muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda samarali va manfaatli loyihalar ko‘lamini kengaytirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA