Jamoat xavfsizligi yo‘lidagi matonat munosib e’tirof etildi
Toshkent shahrida fuqarolar hayoti va salomatligiga xavf tug‘dirgan holatning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbirda faollik va jasorat ko‘rsatgan ichki ishlar organlari xodimlari taqdirlandi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xodimi, mayor Shuhratjon Norqulov hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari — podpolkovnik Farrux Mirzayev va mayor Bekzod Qirg‘izboyev “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Shuningdek, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari katta leytenant Sherali Saydahmatov va katta serjant Anvar Abdullayevga Ichki ishlar vazirligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mukofotlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar mazkur xodimlarning xizmat vazifasini sidqidildan bajargani, yuksak kasbiy tayyorgarlik va fidoyilik namunalarini ko‘rsatganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, bu kabi e’tiroflar jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va fuqarolar osoyishtaligini muhofaza qilish yo‘lida xizmat qilayotgan xodimlarning mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA