Jalolov Abu-Dabida, Hasanboy «Yunusobod» ringida zafar quchmoqda
Xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi «Yunusobod» sport majmuasida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati davom etayotgan bir pallada mamlakatimizning qator nomdor charm qo‘lqop ustalari Rossiya va Birlashgan arab amirliklarida o‘tkazilgan professional boks musobaqalarida ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida professional boksdagi ilk bahsini o‘tkazgan Jahon chempionati sovrindori Bobousmon Boturov rossiyalik Artyom Pugachga qarshi ringga ko‘tarildi va 8 raundga belgilangan jangda hamyurtimiz ochkolar hisobida g‘alabaga erishdi.
O‘zbekiston chempionatining birinchi kunida ishtirok etgan iste’dodli bokschimiz Bahodir Jalolov Birlashgan arab amirliklari poytaxti Abu-Dabida IBA Pro Series musobaqasida asli rossiyalik Bahrayn sharafini himoya qilayotgan Danis Latipov bilan 5 raundlik jangda qatnashdi.

Kutilganidek, Jalolov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi hamda g‘oliblikka erishib, musobaqa nizomida belgilangan 30 ming AQSH dollariga ega chiqdi.
Mazkur turnirda qatnashgan yana bir yurtdoshimiz Saidjamshid Ja’farov kubalik Jahon chempioni Yoenlis Ernandesdan 1 raundda ustunlikka erishib, qolgan 4 raundda imkoniyatni boy berdi.

Yana bir e’tiborli holat. Mazkur IBA Pro Series turniri doirasida Abu-Dabida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ning navbatdagi kongressi o‘tkazilib, unda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev ishtirok etdi. Kongress davomida boksining olimpiya o‘yinlaridagi o‘rni, kelgusi xalqaro musobaqalar, jumladan, 2023 yili Toshkentda tashkil etilishi kutilayotgan Jahon chempionatiga tayyorgarlik masalalari xususida so‘z bordi.
Bevosita O‘zbekiston chempionatida kechayotgan janglarga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha kun mobaynida 48 ta juftliklarning uchrashuvlari o‘tkazildi.

E’tiborlisi, o‘tkazilgan bahslarda Rio olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov, jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova, jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Ro‘zmetov va o‘nlab qit’a chempionatlari sovrindorlari, olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari, amaldagi mamlakat chempionati g‘oliblari ishtirok etdi. Hasanboy Do‘smatov farg‘onalik Ziyodulla Alijonovni qiyinchilik bilan 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Mirzaxalilov poytaxtlik Abduvali Bo‘riboyevdan ustun keldi.
Bugun, 12 dekabr kuni ayollar va erkaklar o‘rtasidagi 12 tadan vaznda O‘zbekiston chempionatining yarim final janglari tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA