Jahon tajribasi va milliy yondashuv
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Yoshlar qanoti” hamda To‘rtko‘l tuman Kengashi tashabbusi bilan “Kambag‘allikni qisqartirish: jahon amaliyoti va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida mazmunli davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur davra suhbati partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilib, unda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va manzilli ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida yoshlar, partiya faollari, mahalliy kengash deputatlari va sohaning mutaxassislari ishtirok etib, kambag‘allikni qisqartirishning zamonaviy yondashuvlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, jahon amaliyotida sinovdan o‘tgan mexanizmlar, ularning afzallik va kamchiliklari qiyosiy tahlil qilingan holda, O‘zbekiston sharoitiga mos yechimlar ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning daromad manbalarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “Ijtimoiy himoya daftari”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” kabi mexanizmlar orqali manzilli yordam ko‘rsatish amaliyoti samarali natijalar bermoqda.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari kambag‘allikni qisqartirish faqatgina moliyaviy ko‘mak bilan cheklanib qolmasligi, balki inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta’lim va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish orqali barqaror natijalarga erishish mumkinligini alohida qayd etdilar.

Davra suhbati yakunida mazkur yo‘nalishda partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir ishtirokchilari bunday muloqot maydoni dolzarb muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini, ayniqsa yoshlarning faol ishtiroki yangi g‘oya va tashabbuslarni yuzaga chiqarayotganini ta’kidladilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.