Jahon maydonida o‘zbek boksining imidji baland
Poytaxtimizdagi “Orient Finance Bank”ning anjumanlar zalida joriy yilning 25 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionati oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov, Kuba boks federatsiyasi prezidenti Albero Puig, Kuba terma jamoasi bosh murabbiyi Rolando Asebal hamda O‘zbekiston terma jamoasining 13 nafar bokschisi, kubalik bokschilar va jahon chempionatiga boradigan murabbiylarimiz jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Aytish joizki, bu galgi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschilar 100 ming, kumush medal egalari 50 ming, bronza medali sohiblari esa 25 ming AQSH dollari hamda har bir g‘olib sportchi chempionlik kamari bilan taqdirlanadi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 13 avgust kuni davlatimiz rahbari Tokio olimpiadasida Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilgan sportchilar bilan uchrashuvda xorijdagi eng kuchli maktab, terma jamoa va sport markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Shu boisdan bokschilarimizning 21-jahon chempionatiga tayyorgarligi uchun o‘tkazilgan o‘quv-yig‘inga Kubaning tanlanishi bejiz emas. “Yangiobod” mashg‘ulot bazasida bokschilarimiz bilan tarkibidan 4 nafar olimpiya chempioni bo‘lgan Kuba termasi mashg‘ulotlarda qatnashdi. Mashg‘ulotlar jarayonida Kuba boksining texnik-taktik holati bilan yana bir bor yaqindan tanishildi, tajriba almashildi.
Matbuot anjumanida aytilganidek, yig‘in davomida yurtimiz bokschilari kubaliklar bilan 7 marotaba ochiq jang mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi. Bu esa," Rio-2016" olimpiadasi g‘olibi va 2019 yilgi jahon chepionati yetakchisi bo‘lgan O‘zbekiston, "Tokio-2020"da zafar quchgan Kuba jamoasi uchun har tomonlama foydali bo‘ldi.
Kuba boks federatsiyasi prezidenti Albero Puig savollarga javob berish asnosida, O‘zbekistonda olimpiya sport turlari rivojiga ko‘rsatilayotgan davlat miqyosidagi e’tiborning samarasi o‘laroq qisqa fursatda jahon maydonida o‘zbek boksining imidji paydo bo‘lganligini, Kuba terma jamoasining yurtimiz bokschilari bilan mashg‘ulot o‘tkazilishi O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlaganligi, zarur shart-sharoitlar yaratilganligi uchun minnatdorlik bildirib, “Yangiobod”dagi hamkorlikda o‘tkazilgan mashqlar har ikkala terma jamoa uchun Serbiya ringlarida asqatishini aytdi.
Yana bir xolat, Kubalik boks mutasaddisining fikricha, Serbiyadagi jahon chempionatida yetakchilik asosan to‘rtta terma jamoa – O‘zbekiston, Kuba, Rossiya va Angliya bokschilari o‘rtasida kechadi. 21-chempionatda Kubaning to‘liq tarkibda ishtirok etmasligi esa vaziyatni yanada murakkablashtirishi ehtimoldan yiroq emas.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov jurnalistlarni 21-jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan tarkib bilan tanishtirib, har bir vazndagi nomzodlarni saralash uchun o‘tkazilgan tekshiruv janglari, bokschilarning imkoniyatlari hamda Kuba terma jamoasi bilan o‘tgan mashg‘ulotlardagi holatlar xususida to‘xtaldi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi M. Mamadaliyev, mazkur jahon chempionatida o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi refere Aleksandr Hamidov chempiont janglarini boshqarib borishini aytib, Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarining samarali kechayotganligi natijasida o‘zbekistonlik bir qator mutaxassislar AIBAning turli komissiyalariga a’zolikka qabul qilinganligi va bu jarayonlar davom etayotganligini ta’kidladi. Shuningdek, Belgraddagi musobaqalarda qatnashadigan barcha sportchi va mutaxassislar kovid kasalligiga qarshi emlanganligini aytib o‘tdi.
Anjuman davomida jahon va olimpiya o‘yinlarida g‘oliblikka erishgan iste’dodli bokschilarimiz Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Mirazizbek Mirzaxalilovlar ham jurnalistlarning savollariga javob berib, Serbiyadagi jahon chempionati bahslarida xalqimiz ishonchini oqlash yo‘lida bor imkoniyatdan foydalanishi haqida fikr bildirdi.
Qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan marosim yakunida O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan kubalik mehmonlarga milliy sovg‘alar taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionatida dunyoning 650 nafar bokschisi 13 ta vazndagi bahslarda ishtirok etadi.

Vatanimiz sharafini himoya qiladigan mamlakatimiz sport delegatsiyasi 22 oktyabr kuni erta tongda Serbiyaga jo‘nab ketadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA