Jahon chempionatining eng hayajonli onlari yaqin
Bugun, 28 dekabr kuni Almatida davom etayotgan nufuzli musobaqada shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha yangi jahon chempioni aniqlanadi. U kim bo‘ladi? Magnus Karlsenmi, Abdusattorovmi yoki yosh grossmeyster Vinsent Keymermi?
Kun davomida chempionlik uchun kurashda shaxmatchilar 10, 11, 12 va 13-tur uchrashuvlarida qatnashadi.
Ortda qolgan 9-tur yakunlariga ko‘ra, to‘qqizta turda 7,5 ochko jamg‘argan klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni 7 ochkoga ega Vladimir Fedoseyev, Nodirbek Abdusattorov va 18 yoshli nemis grossmeysteri Vinsent Keymer egallashgan.

Rapid yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionatining 10-turida Magnus Karlsen 18 yoshli Keymer bilan uchrashadi.
Terma jamoamiz a’zolaridan 5,5 ochkoga ega Nodirbek Yoqubboyev 30-o‘rinda, 5 ochko bilan Javohir Sindorov 79, 4,5 ochkoli Shamsiddin Vohidov 89, 4 ochkodan jamg‘argan Muhiddin Madaminov 115, Jahongir Vohidov 123-qatorda joylashgan. Shuningdek, yosh shaxmatchilarimiz Muhammadzohid Suyarov (3,5) va Humoyun Bekmurodov (3) ham 178 nafar ishtirokchi orasida o‘z mahoratini namoyish qilmoqda.

Jahon chempionati bahslarida qatnashayotgan shaxmatchi qizlarimiz ham ma’lum natijalarni qayd etmoqda. Ular orasida Umida Omonova 4-tur ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 3 ta g‘alaba va 1 ta durangga erishib, 4,5 ochko bilan 40-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Nafisa Mo‘minova 8 imkoniyatdan 4 ochko jamg‘ardi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 98 nafar ishtirokchi orasida 44-pog‘onani egallab turibdi. Afro‘za Hamdamova esa 3,5 ochko bilan 64-o‘rinda harakatlanmoqda.
Nima bo‘lganda ham jahon chempionatining rapid yo‘nalishidagi eng hayajonli onlari yaqin. Nodirbek Abdusattorov o‘tgan yilgi shov-shuvli natijani takrorlashiga yarim qadam qolgan. Istagimiz, bu odim qutlug‘ va sharafli bo‘lajak.
T. Ro‘ziyev, O‘zA