Jahon chempionatini O‘zbekiston vakili boshqaradi
Ertaga mamlakatimiz sambochilari 28-29 avgust kunlari Kipr davlatining Larika shahrida sohil(plyaj) sambosi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi.
E’tiborli jihati, Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) tomonidan mazkur nufuzli musobaqaning bosh hakami etib o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Islom Odilov belgilangan.
Kuni kecha u bilan uchrashib, sohil sambosi bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionati va unda ishtirok etadigan davlatlar va albatta o‘zbekistonlik sportchilarning mazkur chempionatdagi qatnashuvi xususida suhbatlashdik.
–Jahon chempionatlarini boshqarish o‘zbekistonlik mutaxassislarga topshirilayotganligidan xursandmiz. Aytingchi, bu haqda FIASdagilar sizga qachon aytishdi?
–Sohil sambosi bo‘yicha jahon chempionatining bosh hakami sifatida ishlashim FIAS ijroqo‘mining o‘tgan yilgi yig‘ilishida tasdiqlangan edi. Faqat bu yangilikni toki jahon chempionatining Nizomi tasdiqlanmaguncha e’lon qilmagandik. O‘zi aslida bunday darajadagi musobaqalarning bir qanchasida bosh hakam sifatida faoliyat ko‘rsatganman. Masalan, 2018 yilgi yoshlar o‘rtasidagi va o‘tgan yili Serbiyada sambo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatining bosh hakami bo‘lib ishlaganman.
–Sohil sambosi bo‘yicha o‘tadigan jahon chempionatining boshqa chempionatlardan farqi bormi?
–Bilasizki, sambo musobaqalari asosan gilamda o‘tkaziladi. Bunday vaziyatda hammasi tushunarli. Tartib, sportchi va murabbiylarning belgilangan joylari, hakamlarning hatti-harakati, qo‘yingki, hammasi ishlab chiqilgan qonun-qoida asosida o‘tkaziladi. Sohil sambosi bo‘yicha o‘tayotgan mazkur chempionat birinchi bor tashkillashtirilmoqda. Qonun-qoidalar tasdiqlangan sambo qoidalari bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Birinchi bor o‘tkazilayotganligini e’tiborga olsak, ozgina noqulaylik, sportchi, murabbiy va hakamlarning harakatida ko‘zga tashlanmas ju’ziy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Chunki qumdagi harakat bilan gilamdagi harakatning o‘rtasida katta farq bor, albatta.
–Nechta mamlakat qatnashishi kutilmoqda?
–Joriy yilning 15 avgustigacha buyurtmalar qabul qilinib bo‘lindi. FIASdagi musobaqalarni o‘tkazish bo‘limidan xabar berishicha, 50 taga yaqin davlatning sambo federatsiyalari tasdiqlangan tarkibini jo‘natishgan. Ammo bu hamma ishtirok etadi, degani emas. Boisi, hozirgi epidemiologik vaziyatda kimlar kela olishi yo kela olmasligini oldindan aytib bo‘lmaydi.
–Jahon chempionati qaysi vazn toifalarida o‘tkaziladi?
–Chempionat 28-29 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘g‘il bolalar 58 kg, 71 kg, 88 kg, +88 kg.da bahslashsa, xotin-qizlar 50 kg, 59 kg, 72 kg, +72 kg.da chempionlik uchun kurashishadi.
–Ro‘yxatda O‘zbekiston sambochilari ham bormi?
–O‘zbekiston tomonidan yo‘llangan buyurtmada 58 kilogrammda Mirshod Jabborov, 71 kilogrammda Amrillo Madiyev, 88 kg.da Oybek Do‘stmurodov, 79 kg.da Botirjon Anorov qayd etilgan.
To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.