Jahon chempionati: Gandbolchi qizlarimiz bugun Portugaliya jamoasi bilan kuch sinashadi
Ruminiyada gandbol bo‘yicha 32 ta U18 ayollar milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgan jahon chempionati bahslari murosasiz o‘yinlarga boyligi bilan ajralib turibdi.
8 ta guruhga bo‘lingan holda o‘tayotgan jahon birinchiligida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari “S” guruhda Ispaniya, Germaniya, Gvineya terma jamoalari bilan kechgan guruh bosqich musobaqalarida dunyoning gigant jamoalari Ispaniya va Germaniyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, gvineyalik gandbolchi qizlar bilan 22:22 ko‘rinishida durangga erishdi.
Guruh bosqich o‘yinlari yakuniga ko‘ra, Yevropa jamoalari 1-16-o‘rinlar uchun o‘tadigan saralash o‘yinlarida 4 ta guruhdagi musobaqalarda qatnashish imkoniga ega chiqdi.
O‘z guruhida 3 va 4-o‘rinni band etgan Afrika qit’asining Gveniya jamoasi va O‘zbekiston 17-32 o‘rinlar uchun kechadigan uchrashuvlarda 2-guruhda Portugaliya va Argentina jamoalari bilan maydonga tushadigan bo‘ldi.

Bugun, 3-avgust kuni O‘zbekiston U18 ayollar milliy terma jamoasi a’zolari Portugaliya bilan, Gveniya jamoasi esa Argentina bilan kuch sinashadi.
Ertaga, 4-avgust kuni hamyurtlarimiz Argentina, gveniyaliklar portugallar bilan ro‘baro‘ keladi.
Jahon chempionati 9-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA