"Jahon chempionati-2026": "L" guruhida uch qit’a vakillari to‘qnashadi
Futbol muxlislari intiqlik bilan kutayotgan 2026-yilgi Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan nufuzli musobaqa arafasida mundial ishtirokchilarining final bosqichigacha bo‘lgan yo‘lini yodga olishda davom etamiz.
Bu gal e’tiborimiz "L" guruhiga qaratildi. Unda Angliya, Xorvatiya, Gana va Panama terma jamoalari pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Guruhning eng nomdor va asosiy favoriti, shubhasiz, Angliya terma jamoasi. Yevropa saralashining "K" guruhida ishtirok etgan inglizlar 24 ochko jamg‘arib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa jamoa o‘z tarixida 17-marta Jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Inglizlar 1966-yilda o‘z maydonida o‘tgan mundialda chempionlikni tantana qilgan.

Guruhning yana bir kuchli jamoasi - Xorvatiya saralash bosqichida Yevropa mintaqasining "L" guruhida 22 ochko to‘plab, yettinchi marta Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi. Xorvatlar so‘nggi yillarda mundialning eng barqaror jamoalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Terma jamoa 2018-yilgi Jahon chempionatida kumush, 1998 va 2022-yilgi musobaqalarda esa bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Afrika qit’asi vakili Gana terma jamoasi saralashning "I" guruhida 8 ta g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etib, o‘z tarixida beshinchi bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ganaliklar avval ham 2006, 2010, 2014 va 2022-yilgi Jahon chempionatlarida ishtirok etgan. Afrika futbolida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan ushbu jamoa yirik musobaqalarda kutilmagan natijalar qayd etish salohiyati bilan ajralib turadi.

Guruhning to‘rtinchi ishtirokchisi Panama bo‘lib, Markaziy Amerika vakillari KONKAKAF saralashining ikkinchi bosqichida 12 ochko jamg‘ardi. Keyinchalik uchinchi bosqichning "A" guruhida ham shu natijani takrorlab, mundialga chiqish vazifasini muvaffaqiyatli uddaladi. Panama terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etadi.

"L" guruhidagi bahslar 17–27-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi:
17-iyun
Angliya — Xorvatiya (Arlington)
Gana — Panama (Toronto)
23-iyun
Angliya — Gana (Foksboro)
Panama — Xorvatiya (Toronto)
27-iyun
Panama — Angliya (Ist-Raterford)
Xorvatiya — Gana (Filadelfiya)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA