“Jahon chempionati-2026”: “A” guruhida kim favorit?
Futbol bo‘yicha joriy yilgi jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilib, unda dunyoning 48 ta terma jamoasi 12 ta guruhga bo‘lingan holda bosh sovrin uchun bahs olib boradi.
Mundial arafasida har bir guruhdan o‘rin olgan terma jamoalarning jahon chempionatigacha bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaymiz. Kechagi maqolamizda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etadigan “K” guruhi haqida ma’lumot bergan edik. Bugun esa “A” guruhidan joy olgan jamoalarning saralash bosqichidagi ishtiroki haqida to‘xtalib o‘tamiz.
“JCH-2026” musobaqasining “A” guruhidan Meksika, Janubiy Afrika Respublikasi, Koreya Respublikasi hamda Chexiya terma jamoalari o‘rin olgan. Ushbu kvartet ishtirokidagi bahslar 11–24-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Guruh favoritlaridan biri sifatida qaralayotgan Chexiya terma jamoasi Yevropa saralash bosqichining “L” guruhida 16 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinni egalladi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Chexlar yarim finalda Irlandiyaga qarshi kechgan bahsning asosiy vaqtida 2:2 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida 4:3 hisobida ustun keldi. Finalda esa Daniya bilan kechgan bellashuvning asosiy vaqti yana 2:2 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida 3:1 hisobida g‘alaba qozongan chexlar mundialga yo‘l oldi.

Koreya Respublikasi terma jamoasi Jahon chempionati uchun kurashni Osiyo mintaqasidagi ikkinchi saralash bosqichidan boshladi. Jamoa “S” guruhida 16 ochko to‘plab, keyingi bosqichga chiqdi. Uchinchi saralash bosqichida esa 22 ochko jamg‘argan koreyslar “B” guruhida birinchi o‘rinni egallab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini rasmiylashtirdi.

Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoasi Afrika qit’asidagi saralash bahslarining “S” guruhida 18 ochko to‘plab, birinchi pog‘ona orqali Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.Meksika esa musobaqa mezbonlaridan biri sifatida mundialda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi. Ayni paytda meksikaliklar Yevropa va Amerika qit’asining qator kuchli terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushmoqda.

Ma’lumot uchun, Meksika terma jamoasi Jahon chempionatlarida 18-marotaba ishtirok etayotgan bo‘lsa, Koreya Respublikasi 12, Janubiy Afrika Respublikasi 4-marta mundialda qatnashadi. Chexiya esa mustaqil davlat sifatida ikkinchi bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. Avvalroq Chexoslovakiya nomi ostida jamoa 8 bor mundialda qatnashgan.
“A” guruhidagi uchrashuvlar sanasi va maydonlar bilan tanishing:
11-iyun
Meksika — Janubiy Afrika Respublikasi
Stadion: Asteka
11-iyun
Koreya Respublikasi — Chexiya
Stadion: Akron
18-iyun
Chexiya — Janubiy Afrika Respublikasi
Stadion: Mersedes-Bens
18-iyun
Meksika — Koreya Respublikasi
Stadion: Akron
24-iyun
Chexiya — Meksika
Stadion: Asteka
24-iyun
Janubiy Afrika Respublikasi — Koreya Respublikasi
Stadion: BBVA
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA