Jahon banki va XVJ ishtirokida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi
Yurtimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish hamda xalqaro savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining “Shveysariya guruhi” navbatdagi yig‘ilishi doirasida “O‘zaro bog‘liqlik: mintaqaviy hamkorlik, xususiy sektor investitsiyalari va ochiq savdo” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy va xorijiy davlat idoralari vakillari, xalqaro moliya institutlari rahbarlari, ekspertlar hamda mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish, savdo munosabatlarini yanada erkinlashtirish va transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda boshqa yuqori martabali ishtirokchilar so‘zga chiqib, bugungi global iqtisodiy sharoitda mintaqaviy hamkorlik barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb etish va mamlakatlar raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili ekanini ta’kidladi.

Muhokamalar chog‘ida transport va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, savdo xarajatlarini qisqartirish, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, seminarning asosiy qismi raqamli infratuzilma, energetika, transport va savdo yo‘laklarini rivojlantirish, transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish hamda xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish masalalariga bag‘ishlandi. Ta’kidlanganidek, bunday loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo hajmini oshirish va yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminarda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida amalga oshirayotgan izchil islohotlari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish hamda investorlar uchun ochiq, shaffof va bashorat qilinadigan biznes muhitini shakllantirish mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rushana Umarova qayd etganidek, mazkur muloqot mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
– Seminar davomida infratuzilma va o‘zaro bog‘liqlik loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, aralash moliyalashtirish vositalaridan samarali foydalanish, savdo xarajatlarini qisqartirish, bojxona tartib-taomillarini modernizatsiya qilish hamda tartibga solish mexanizmlarini uyg‘unlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Jahon banki guruhi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlarining mintaqaviy iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Ilgari surilgan tashabbus va takliflar mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirish, investitsiyaviy muhitni takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va iqtisodiy sheriklikni mustahkamlab, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi, – dedi Rushana Umarova.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ustuvor infratuzilma loyihalariga davlat va xususiy investitsiyalarni keng jalb etish, ochiq va qoidalarga asoslangan savdo tizimini rivojlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, mazkur yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni yaratish va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA