Jahon banki ko‘magida issiqlik ta’minoti yangi bosqichga chiqadi
O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamkorlik asosida izchil davom etmoqda. Jahon banki missiyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda sohani rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar va qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti tizimini zamonaviy, energiya tejamkor va barqaror infratuzilmaga aylantirish yo‘lida xalqaro hamkorlik izchil kengaymoqda. Shu maqsadda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida Jahon banki missiyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda issiqlik ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, tarmoqni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda aholini sifatli va uzluksiz issiqlik bilan ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni qisqartirish hamda sohaning institutsional salohiyatini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Jahon bankining mazkur sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni alohida qayd etildi. Xususan, moliyaviy va ekspertlik ko‘magi, shuningdek, xalqaro tajribalarni joriy etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar «Program for Results» mexanizmini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari, samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning keyingi bosqichlarini ko‘rib chiqdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ta’kidlaganidek, loyiha doirasida Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimini kompleks o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, energiya auditini o‘tkazish, mavjud holatni chuqur tahlil qilish, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish, markazlashgan issiqlik tarmoqlarining ichki muhandislik kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bunday hamkorlik nafaqat issiqlik ta’minoti tizimining texnik holatini yaxshilash, balki energiya tejamkor yechimlarni joriy qilish, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish va aholi uchun kommunal xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga ham xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar issiqlik ta’minoti sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni izchil amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA