Jaholatga qarshi ma’rifat
Toshkent davlat transport universitetida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv shunday nomlandi.
Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Jahongir Meliqo‘ziyev so‘zga chiqib, bugungi kunda dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy jarayonlar va axborot oqimlari sharoitida har bir inson, ayniqsa, yoshlar uchun hushyorlik va tanqidiy fikrlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida tinchlik va barqarorlikni asrash, milliy hamda ma’naviy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, har qanday buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi eng kuchli vosita sifatida ilm-ma’rifatni rivojlantirish zarurligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Ta’kidlandiki, bugungi globallashuv va raqamli axborot almashinuvi davrida internet tarmog‘i orqali odam savdosi, giyohvandlik, terrorizm va diniy ekstremizm kabi salbiy g‘oyalarni targ‘ib qilish holatlari ortib bormoqda. Bu nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon hamjamiyati uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu kabi tahdidlarga qarshi eng samarali yo‘l yoshlarning bilim va ong darajasini oshirish, ularni yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash muhim ekani alohida qayd etildi. Ular faqat kasbiy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur his etishi va Vatan taraqqiyoti yo‘lida faol bo‘lishi zarurligi aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA