Jadidlar merosi – millat ma’naviyati ko‘zgusi
18-may – Xalqaro muzeylar kuni
18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Navoiy davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida jadidlar xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” mavzusidagi ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirokchilarga jadid bobolarimizning millat ravnaqi, ilm-ma’rifat va ozodlik yo‘lidagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ko‘rgazmada jadidchilik harakatining yorqin namoyandalari hayoti, ularning boy ilmiy va ma’rifiy merosi, shuningdek, qatag‘on yillarida kechirgan mashaqqatli taqdiriga oid tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari va noyob eksponatlar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari jadidlarning milliy uyg‘onish, yangi ta’lim tizimini shakllantirish, yoshlarni ilm-fanga chorlash va xalqni taraqqiyotga yetaklash borasidagi xizmatlari haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

– Bugungi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham aynan jadidlar orzu qilgan taraqqiy etgan, bilimli va erkin jamiyat g‘oyalari mujassam, – deydi muzey direktori Xurshid Qurbonov. – Mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilayotgan yuksak e’tibor jadidlar merosining amaliy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda muzeylar faoliyatini takomillashtirish, tarixiy merosni asrash va uni yoshlar orasida keng targ‘ib etish bo‘yicha qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy muzeylar nafaqat tarixni saqlovchi maskan, balki yoshlarni milliy g‘urur, vatanparvarlik va ma’naviy barkamollik ruhida tarbiyalovchi muhim ma’rifat o‘chog‘iga aylanmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili ham jadidlar orzu qilgan adolatli va ma’rifatli jamiyat g‘oyalari bilan hamohangdir. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim sohasidagi islohotlar, xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishga bo‘lgan keng e’tibor bularning barchasi millat kelajagiga qaratilgan muhim qadamdir.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, ularni milliy o‘zlikni anglash ruhida tarbiyalash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri