“Jadidlar izidan” tanlovi g‘oliblari Germaniyada
“Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi a’zolari ishtirokida Berlin va Gamburg shaharlarida qator ma’rifiy, ilmiy va madaniy uchrashuvlar tashkil etildi.
Bu haqda Germaniyadagi mamlakatimiz elchixonasi xabar berdi. Unga ko‘ra, mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad jadidlar ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganish, ularning ilm-ma’rifat, taraqqiyot, Vatanga sadoqat va milliy uyg‘onishga oid g‘oyalarini keng targ‘ib etish, shuningdek Germaniyada ta’lim olgan jadid ajdodlar ilmiy merosi bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Tashrif davomida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatning nufuzli ta’lim muassasalarida ilmiy uchrashuvlar va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Ishtirokchilar universitetlar va kutubxonalar faoliyati, Germaniya oliy ta’lim va maktab ta’lim tizimi, o‘qish imkoniyatlari, talabalar va o‘quvchilar hayoti hamda ilmiy muhit, qolaversa mamlakat tarixi, madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Xususan, Berlin Gumboldt universitetida bo‘lib o‘tgan ilmiy uchrashuvda universitet professorlari, talabalar ishtirok etdi. Unda “Yangi O‘zbekiston: Mustaqillikning 35 yilligi va bugungi jadid avlodlari” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda jadidlar merosini o‘rganish va yosh avlodni ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalash davlat va jamiyat hayotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan Vatanni madh etuvchi she’rlar o‘qildi. Ularning o‘zbek jadidlari ijodi, milliy uyg‘onish g‘oyalari va Vatanga sadoqat mavzusidagi chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, “Germaniyada ta’lim olgan jadidlar” hamda “Jadidlar izidan” respublika tanlovi to‘g‘risidagi taqdimotlar orqali o‘zbek ma’rifatparvarlari, ularning xorijiy ta’lim tajribasi, Yevropadagi ilm-fan va taraqqiyot yutuqlarini o‘rganishga bo‘lgan intilishlari, shuningdek ushbu g‘oyalarni Turkiston jamiyati taraqqiyotiga tatbiq etish yo‘lidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari “Germaniyada Turkiston adabiyoti” to‘plamining birinchi jildi taqdimotida Turkiston adabiyoti, jadidchilik harakati, o‘zbek ma’rifatparvarlari merosi va ularning Yevropa ilmiy muhitida o‘rganilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’ruzalar qildi. Mamlakatimizda jadidlar ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari Gumboldt universiteti olimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Germaniyada Turkiston adabiyoti” ilmiy loyihasi rahbari Shahnoza Madayevaning so‘zlariga ko‘ra, “Jadidlar izidan” tanlovi g‘oliblarining Germaniyaga amalga oshirgan safari ta’limiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy jihatdan yuksak ahamiyat kasb etadi.
– Ta’kidlash joizki, Germaniya XX asr boshlarida Turkiston jadidlari uchun ilg‘or ilm-fan, zamonaviy ta’lim va taraqqiyparvar g‘oyalar markazlaridan biri bo‘lgan. Ayrim jadidlar aynan shu yerda tahsil olgan, ilmiy izlanishlar olib borgan hamda Yevropa tajribasini o‘z yurti taraqqiyotiga tatbiq etish g‘oyasini ilgari surgan. Bugun ana shu tarixiy-ma’rifiy rishtalar yangi mazmun bilan davom etayotgani, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yanada mustahkamlanayotgani alohida ahamiyatga ega.
Mazkur tashrifning yuksak saviyada tashkil etilishida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak, samarali muvofiqlashtirish ishlari va yaratilgan sharoitlar alohida e’tirofga loyiq. Bu kabi tashabbuslar kelgusida ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy, ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, jadidlar merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi shubhasiz, – dedi u.
O‘zbek olimlari va o‘quvchilaridan iborat delegatsiya, shuningdek, nufuzli Gamburg universitetining pedagogika fakultetiga tashrif buyurdi. Dastlab ishtirokchilar universitet bo‘ylab ekskursiyada qatnashib, oliy ta’lim muassasasining tarixi, o‘quv binolari, kutubxona va xorijlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Uchrashuvning rasmiy qismida o‘zbek olimlari tomonidan “Germaniyada Turkiston adabiyoti” kitobi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. O‘quvchilar esa o‘zbek adabiyoti va jadidlar ijodidan namunalar o‘qib, milliy she’riyat, ma’rifat va Vatanga sadoqat g‘oyalarini ifoda etuvchi chiqishlar qildi. Ularning “Germaniyada ta’lim olgan jadidlar” va “Jadidlar izidan” tanlovi to‘g‘risidagi taqdimotlari Gamburg universiteti professorlari va talabalariga mamlakatimizda ilm-ma’rifatni qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida jonli tasavvur uyg‘otdi.
Gamburg universitetidagi uchrashuv madaniy dastur bilan davom etdi. Unda o‘quvchilar ijrosidagi o‘zbek milliy raqslari va milliy laparlar ishtirokchilarga o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, san’ati va an’analarini namoyon qildi.
Shuningdek, tanlov g‘oliblari Berlindagi boshlang‘ich maktablardan birida o‘quvchilar bilan uchrashdi. Samimiy muloqot davomida ishtirokchilar Germaniyada boshlang‘ich sinflarda bolalarning ta’lim olish jarayoni, kundalik maktab hayoti, dars mashg‘ulotlari, o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek yosh avlodni tarbiyalashda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdi.
Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 21-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Muhammad Ali Xoliqovning ta’kidlashicha, “Jadidlar izidan” tanlovida ishtirok etishiga oilasida kitobxonlik va bilimga bo‘lgan yuksak ehtirom muhiti katta turtki bo‘lgan.
– Ustozimning tavsiyasi bilan tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Jadid bobolarimizning asarlari, maqolalari va ma’rifiy g‘oyalarini chuqur o‘rgandim. Tanlovda g‘olib chiqib, Germaniyaga ta’lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganim men uchun katta sharaf va unutilmas voqea bo‘ldi. Safar davomida Berlindagi Humboldt universiteti, Gamburg universiteti, Germaniya parlamenti - Bundestag, tarixiy Reyxstag binosi hamda bir qator nemis maktablari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ayniqsa, Berlindagi ta’lim muassasalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quvchilarning bilim olishi va iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan yondashuv menda katta taassurot qoldirdi. Maktablardagi o‘quv jarayoni, zamonaviy laboratoriyalar, nemis o‘quvchilari bilan muloqot, shuningdek, u yerda faoliyat yuritayotgan o‘zbek pedagoglari bilan uchrashuvlar biz uchun juda qiziqarli va foydali bo‘ldi, – dedi u.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari elchixonada tashkil etilgan milliy terma jamoamizning Jahon chempionatidagi o‘yini munosabati bilan tashkil etilgan jamoaviy tomosha qilish tadbirida hamda Germaniyadagi vatandosh pedagoglar qurultoyida ishtirok etdi.
Muxtasar aytganda, mazkur tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuv va muloqotlar “Jadidlar izidan” tanlovi g‘oliblari uchun katta ma’naviy va amaliy ahamiyat kasb etdi. Ishtirokchilar Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, zamonaviy maktab ta’limi tizimi hamda yoshlar uchun yaratilgan ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini yanada boyitdi. Shuningdek, Berlin va Gamburg shaharlarining tarixiy-madaniy obidalari va diqqatga sazovor maskanlariga uyushtirilgan sayohatlar ularda unutilmas taassurot qoldirdi. Eng muhimi, bu safar yoshlarda jadidlar merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda kelgusida Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga bo‘lgan intilishni mustahkamlashga xizmat qildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA