Izlanuvchan ustozlar – sifatli ta’lim tayanchi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maktabda 11 yildan buyon faoliyat yuritayotgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulshoda Hakimova ana shunday izlanuvchan pedagoglardan. U zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etib, darslarni samarali tashkil etishga intilib kelmoqda.
Gulshoda Hakimovaning “Usmon Nosir hayotini binar dars usulida o‘rganish” mavzusidagi metodik tavsiyasi respublika miqyosida ommalashtirilgan. U ingliz tilini ham o‘rganib, tegishli til bilish sertifikatiga ega bo‘lgan. 70 foizlik ustama oluvchi pedagog “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘mlik mukofot bilan taqdirlangan.
Ustozning 100 nafardan ziyod shogirdi milliy sertifikat sohibi bo‘lgan.
[gallery-31696]
Maktabda xorijiy tillarni o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ingliz tili fani o‘qituvchisi Sadiya Abbosova rahbarlik qilayotgan “Ta’lim grantlari” to‘garagida 20 nafar qiz ingliz tilini chuqur o‘rganmoqda. Ular xalqaro loyihalarda ishtirok etish va ta’limiy imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Sadiya Abbosova o‘tgan o‘quv yilida Qozog‘istonda tashkil etilgan xalqaro o‘qituvchilar treningida ishtirok etib, turli mamlakatlardan kelgan 250 nafar hamkasbi bilan ingliz tilini o‘qitishning zamonaviy metodlari bo‘yicha tajriba almashgan.
Pedagogning sa’y-harakatlari samarasi o‘quvchilar natijasida ham namoyon bo‘lmoqda. Bugunga qadar uning 60 nafardan ziyod shogirdi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.
Bu kabi natijalar pedagoglarning kasbiy izlanishi va ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA