Ixtiyor polvon Olimpiadaga boradi
AQShning Las-Vegas shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatida yana bir hamyurtimiz – Ixtiyor Navro‘zov ham ikkinchi o‘rinni egalladi.
AQShning Las-Vegas shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatida yana bir hamyurtimiz – Ixtiyor Navro‘zov ham ikkinchi o‘rinni egalladi.Dunyoning eng kuchli polvonlari ishtirokida o‘tkazilayotgan musobaqaning yunon-rum kurashi bellashuvlarida Rustam Assakalov vazni 85 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida kumush medal va 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
Jahon chempionatining navbatdagi kuni ham sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasidan ma’lum qilinishicha, erkin kurash bo‘yicha vazni 65 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida Ixtiyor Navro‘zov namibiyalik Jeyson Afrikaner, ukrainalik Tital Jafaryan, chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Mandaxnaran Ganzorig, yarim finalda jahon chempioni, rossiyalik Soslan Ramonovni mag‘lubiyatga uchratdi. Finalda polvonimizga biroz omad yetishmadi. U hal qiluvchi bahsda italiyalik Frenk Chamizo Markesga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa Ixtiyor Navro‘zov ham jahon chempionatining kumush medali va 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.