Ixtisoslashtirilgan kushxonalarda nimalar o‘zgaradi?
Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste’mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 8 maydagi 386-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endi parranda so‘yish korxonalarida quyidagi bo‘limlar bo‘lishi lozim:
parrandani so‘yish, part qilish, par va patlardan tozalash hamda tanani dastlabki yuvish bo‘linmasi;
tanani ichki a’zolardan tozalash va ikkilamchi yuvish bo‘linmasi;
tanani suvdan selgitish va sovitish bo‘linmasi;
mahsulotni tez muzlatish uchun o‘ta past haroratli muzlatkich va muzlatilgandan keyin vaqtinchalik saqlash uchun muzlatkichli omborxona.
Parrandalar (tovuq, o‘rdak, kurka, bedana va boshqa) yuk tashish konteynerlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri vaqtinchalik saqlash joyiga tushiriladi. Bu jarayon 40 daqiqa ichida mexanik tarzda yoki qo‘l yordamida amalga oshirilishi lozim.
So‘yishga yuborilayotgan hayvonlarning har bir guruhi uchun veterinariya mutaxassisi tomonidan tegishli hujjatlar yagona elektron ma’lumotlar bazasi orqali rasmiylashtiriladi. Kushxona veterinariya mutaxassisi hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini axborot tizimi orqali tekshiradi, hujjatlarda ko‘rsatilgan hayvonlarning haqiqatda keltirilgan hayvonlarga muvofiqligini o‘rganadi va boshma-bosh ko‘rikdan o‘tkazadi.
Kasal yoki tana harorati ko‘tarilgan yoki pasaygan hayvonlar aniqlansa, ular ajratilib tashxis qo‘yilgunga qadar so‘yilmaydi.
So‘yilib, realizatsiyaga chiqarilayotgan hayvon tanasi bo‘laklarga bo‘linib, axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR kod yorlig‘i yopishtiriladi hamda go‘sht veterinariya-sanitariya ekspertiziyasidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi tegishli tamg‘a bosiladi.
Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalaridan sotish uchun chiqarilgan go‘sht mahsulotlari 72 soatdan keyin qayta veterinariya-sanitariya ekspertiziyasidan o‘tkaziladi va yana belgilangan tartibda axborot tizimiga kiritiladi.
O‘zA