“Ixtirochilikka qadam” tanlovining respublika bosqichi boshlandi
Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda an’anaviy “Ixtirochilikka qadam” tanlovining respublika bosqichi boshlandi.
Mazkur tanlov har yili maktab o‘quvchilari o‘rtasida ta’lim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 apreldagi “Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” loyihalar tanlovini o‘tkazish hamda ushbu tanlov g‘oliblarining loyihalarini amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.
Joriy yilgi tanlov ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, jumladan, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, davlat va nodavlat umumta’lim maktablarining 5-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni o‘zlari qiziqqan sohalarga yo‘naltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini rag‘batlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
“Ixtirochilikka qadam” tanlovi to‘rt bosqichda hamda har bir bosqichi o‘quv yilining har choragida o‘tkazilishi, shuningdek, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida ishtirok etishi belgilangan.
2024/2025 o‘quv yilida “Ixtirochilikka qadam” tanlovida ishtirok etish uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan jami 8 ming 319 ta loyiha ishlari ixtirochi.piima.uz saytida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shunga ko‘ra, 2024 yilning oktyabr oyida tanlovning birinchi (maktab) bosqichi, dekabr oyida ikkinchi (tuman/shahar) bosqichi hamda fevral-mart oylarida uchinchi (hududiy) bosqichi tashkil etildi.
Tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida jami 693 ta loyiha ishlari ishtirok etib, ular orasidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 42 ta loyiha ishlari tanlovning to‘rtinchi (respublika) bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlovning to‘rtinchi (respublika) bosqichida 11 ta axborot texnologiyalari, 5 ta ekologiya, 1 ta iqlim o‘zgarishi, 12 ta qishloq xo‘jaligi, 5 ta ta’lim va 8 ta yashil energiya yo‘nalishidagi jami 42 ta loyiha ishlari ishtirok etmoqda.
Eng samarali deb topilgan izlanish egalari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
N.Usmonova,
O‘zA