Ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimi shakllanadi
Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Ma’muriy islohotlar: ihcham va samarali davlat boshqaruv tizimi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Respublika va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ahamiyati va mazmun-mohiyati, uni targ‘ib etish xususida so‘z yuritildi.
Anjumanda adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadbobur Karimov, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari o‘rinbosari Hayotbek Akbarov, adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Alisher Hasanov tomonidan farmon hamda o‘tgan yilning 21 dekabridagi Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”da qarori mazmun-mohiyati, mazkur hujjatlarda belgilangan ustuvor vazifalar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-10222]
Matbuot anjumanida davlat boshqaruv organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirishda zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
– Farmonda boshqaruv tizimini nafaqat optimallashtirish, balki mazkur yo‘nalishda shaxsiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, boshqaruvga ijodiy yondashish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadbobur Karimov. – Qolaversa, yangi istiqbollarni ochish maqsadida “qo‘l boshqaruvi” dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish bo‘yicha aniq va tizimli vazifalar belgilab berilgan.
Tadbir davomida farmonda nazarda tutilgan o‘zgarishlar infografikalar orqali aniq misollar asosida tushuntirildi. Belgilangan vazifalarni hamda targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA