IV «Sohibqiron kubogi» hamyurtlarimiz peshqadam
Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida sovrin jamg‘armasi 20 ming AQSH dollari bo‘lgan IV «Sohibqiron kubogi» xalqaro turnirida 8-tur bahslari yakunlandi.
Turnirning «A» guruhida hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov o‘tgan 8 tur natijasiga ko‘ra 7 ochko to‘plab, jadvalda hamon peshqadamlik qilmoqda. Ukrainalik Aleksandr Moiseyenko esa 6,5 ochko jamg‘arib ikkinchi o‘rindan joy olgan. Shuningdek, ushbu guruhda Vitaliy Bernadskiy (Ukraina), Sergey Tiviakov (Niderlandiya) va Jamsaran Sыdыpov (neytral shaxmatchi) 6 ochko bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.
«B» guruhida esa Ziyodulla Sayfullayev (O‘zbekiston) 7 ochko bilan birinchi pog‘onadagi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi. Lazizbek Shavkatov, Temur Shavkatov, Alisher Umurzoqov, Shahzodbek Hamzayev bir xil 6,5 ochko jamg‘arib, so‘nggi tur oldidan musobaqada shohsupaga ko‘tarilish imkoniyatini saqlab qoldi.
Bugun, 4 iyun kuni IV «Sohibqiron kubogi» xalqaro turnirining so‘nggi 9-turi bo‘lib o‘tadi va musobaqa g‘olib hamda sovrindorlari aniqlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA