Italiyalik firibgar soxta amfiteatr qurib, sayyohlarga ekskursiyalar tashkillashtirgan
Italiyaning Vichensa provinsiyasida so‘nggi 20 yil davomida Franko Malosso ismli shaxs 2005-yildagi kuchli ko‘chkidan so‘ng “topganini” da’vo qilgan Berik dengiz amfiteatri sayyohlar uchun mashhur tarixiy maskan sifatida tanilib kelingan.
Tarixiy ob’ekt bo‘ylab ekskursiyalar taklif qilingan bukletda amfiteatr taxminan miloddan avvalgi IV-V asrlarda qurilgani va o‘z vaqtida bu yerga Yuliy Sezarning shaxsan o‘zi tashrif buyurgani ta’kidlangan.

Malosso sayyohlarga 40 yevrodan turlar sotib daromad olgan. Bu turlar ommabop bo‘lgan. Berik dengiz amfiteatri hatto Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan rasmiy turistik qo‘llanma va mobil ilovaga ham kiritilgan, deb yozadi agentlik.
Biroq tarixni yaxshi biladigan odamlar bir nomuvofiqlikka e’tibor qaratishlari mumkin, Sezar amfiteatr qurilganidan deyarli 400 yil avval yashagan. Lekin bu yolg‘on katta firibgarlikning kichik bir qismi xolos. Aslida amfiteatrni Malossoning o‘zi 2000-yillar boshida qurgan.

Politsiyada “topilma”ning haqiqiy kelib chiqishi bo‘yicha shubhalar paydo bo‘lgach, sun’iy yo‘ldosh suratlari tahlil qilindi va arxeologlar jalb etildi. Malosso mahalliy tepaliklardan birini tekislab, u yerda suvalgan bloklar va fiberglassdan “antik” inshoot barpo etgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu ish bo‘yicha surishtiruvlar 2016-yildan beri olib borildi va endi sud firibgar tadbirkorni noqonuniy qurilish va san’at asarlarini soxtalashtirgani uchun 28 oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Shuningdek, erkak 3000 yevro miqdorida jarima to‘lashi kerak. Mintaqa hokimiyati firibgardan 560 ming yevro tovon puli olmoqchi.
O‘zA